FUQARODAN SAVOL:
– Davlat xaridlari jarayonida qanday holatlar “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining buzilishiga olib keladi?
MUTAXASSIS JAVOBI:
– Xususan, davlat xaridlarini amalga oshirishda quyidagi holatlar “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq taqiqlanadi:
🟡savdolarni o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish;
🟡savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
🟡savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda ishtirok etish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratish;
🟡savdolarga oid hujjatlarga va qoidalarga, shu jumladan e’lonning matniga ishtirokchilar o‘rtasida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan talablarni kiritish;
🟡savdolarning o‘tkazilish jarayoniga va natijalariga ta’sir ko‘rsatish;
🟡savdolarning operatorlari va (yoki) tashkilotchilari va (yoki) buyurtmachilari va (yoki) savdolar ishtirokchilari tomonidan raqobatga qarshi kelishuvlarni hamda muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish;
🟡buyurtmachining yoki sotuvchining savdolar natijalariga ko‘ra shartnoma tuzishdan asossiz ravishda bo‘yin tovlashi;
🟡savdolar ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish yoki ularning sonini asossiz ravishda cheklash;
🟡boshqa ishtirokchi g‘olibga aylanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida savdolarda takliflar bilan ishtirok etish;
🟡savdolar ishtirokchilariga asossiz talablar qo‘yish, shu jumladan ularning malakasiga nisbatan raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan talablar qo‘yish;
🟡savdolarda ayni bir lotda faqat affillangan shaxslarning yoki o‘zaro manfaatdor shaxslarning ishtirok etishi;
🟡savdolarning operatorlari va (yoki) buyurtmachilari va (yoki) tashkilotchilari va (yoki) komissiya a’zolari bilan o‘zaro manfaatdor bo‘lgan yoxud ular bilan affillangan shaxslarning savdolarda ishtirok etishi.
MANBA: O‘zbekiston Respublikasining, 03.07.2023-yildagi “Raqobat to‘g‘risida”gi O‘RQ-850-sonli Qonuni. (https://lex.uz/docs/6518381)