O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi “Tovar xom ashyo birjalari faoliyatiga ilg’or axborot texnologiyalarini keng joriy etish va elektron tijorat faoliyatini izchil rivojlantirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 170-sonli qarori bilan Birja savdolarida yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to’g’risidagi Nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom bilan birja savdolarida monopolist korxonalar, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo’lgan yuridik shaxslar hamda qonunchilikda yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni birja orqali sotish nazarda tutilgan tashkilotlar tomonidan ichki bozorda va eksportga bozor tamoyillari asosida yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi belgilandi.
Jumladan, sotuvchi tomonidan yiriklashtirilgan moddiy balanslar va prognozlar ko’rsatkichlariga muvofiq hamda ishlab chiqarish hajmlaridan kelib chiqqan holda mahsulotni birja savdolariga qo’yish jadvallarini ishlab chiqishi va tasdiqlashi hamda ularni birja rasmiy veb-saytida kelgusi oy boshlanishidan uch kun oldin joylashtirib, bir nusxasini monopoliyaga qarshi kurashish organiga taqdim etib borishi lozimligi belgilab qo’yildi.
SHuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini o’tkazib borishi, birja narxlarining o’tgan savdolarga nisbatan keskin oshishi, talab yoki taklifning jiddiy nomutanosibligi kuzatilgan taqdirda, monopoliyaga qarshi kurashish organi narxlarning oshish sabablarini va manipulyasiya alomatlari yoki boshqa birjaga oid huquqbuzarliklar mavjudligini o’rganib borishi belgilab qo’yildi.
Manipulyasiya deganda nimani tushunamiz? Qanday harakatlar manipulyasiya sifatida baholanadi?
Manipulyasiya harakatlari uchun qanday ta’sirli choralar belgilangan?
Ushbu savollarga yuqoridagi Nizom orqali tegishli javoblarni olishimiz mumkin bo’ladi. Jumladan, Nizomning 31¹-bandida qasddan qilingan ayrim harakatlar manipulyasiya sifatida baholanishi va ularni amalga oshirish taqiqlanganligi ko’rsatib o’tilgan. Unga ko’raquyidagi qasddan qilingan harakatlar manipulyasiya deb hisoblanadi va monopoliyaga qarshi kurashish organi tomonidan belgilangan tartibda tegishli choralar ko’rishiga asos bo’ladi:
-birjada sotilayotgan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotning narxiga, talabiga, taklifiga va uni yetkazib berish shartlariga sun’iy ravishda ta’sir etish, shu jumladan, oldindan kelishish va til biriktirishlar orqali asossiz foyda olish, muayyan ishtirokchilarga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, shuningdek, axborotdan foydalanish orqali boshqa ishtirokchilarga mahsulotni sotib olish imkoniyatini cheklash, birja narxlarining keskin ko’tarilishi, qat’iy belgilanishi yoki bir darajada ushlab turish;
-Internet, OAV va boshqa kommunikasiya kanallarida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda yolg’on ma’lumotlar tarqatish;
-birja shartnomasi bo’yicha yirik, ya’ni barcha xaridorlarga savdolarda teng qatnashish imkoniyatini cheklaydigan lotlar belgilash;
-bir xil mahsulotlar sotuvchilari tomonidan belgilangan shartlardan sezilarli darajada farq qiladigan asossiz to’lov va yetkazib berish muddatlari hamda alohida shartlar kiritish;
-birja rasmiy veb-saytiga savdoga qo’yish jadvallarini joylashtirmaslik;
-birja shartnomalarida ishtirokchilar sonini chegaralovchi alohida shartlarni ko’rsatish;
-mahsulotlarni savdoga qo’yish jadvallarida ularning hajmlarini forvard va spot shartnomalari bo’yicha asossiz ravishda nomuvofiq qo’yish;
-forvard shartnomasi bo’yicha mahsulotni bir oydan kam bo’lgan muddatda yuklab jo’natish;
-savdoga qo’yish jadvallarida belgilangan hajmlardan kam miqdorda mahsulotlarni savdoga qo’yish;
-savdo jarayonida muayyan birja ishtirokchisi tomonidan boshqa ishtirokchilar narx taklifiga nisbatan noodatiy ravishda tafovuti yirik bo’lgan narx taklifini berish va buning natijasida savdolar tugagunga qadar buyurtmani o’chirish yoki tuzilgan bitimni asossiz ravishda jarimani to’lamagan holda bekor qilish;
-mahsulotlarni savdoga qo’yish jadvallariga nisbatan nomuvofiq qo’yish;
-qonunchilik hujjatlariga asosan narxlari tartibga solinadigan mahsulotlarning boshlang’ich narxlari shakllantirishda belgilangan tartiblarga rioya qilmaslik;
-boshlang’ich narxlarni belgilashda monopol yuqori narx qo’llash;
-birja shartnomasi bo’yicha bekor qilingan muayyan xaridor ishtirokidagi bitim narxining ushbu birja shartnomasi bo’yicha aynan o’sha xaridor ishtirokida keyingi ikki amalga oshgan savdodagi bitimlarining minimal narxlaridan pastligi;
-yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarning birja savdosida sotilmay qolgan qismini to’g’ridan-to’g’ri shartnomalar asosida sotish orqali mahsulotlarni savdolarga qo’yish hajmlarini qisqartirish;
-yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni tegishli jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda va hajmlarda savdoga qo’ymaslik;
-yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni to’g’ridan-to’g’ri shartnomalar bo’yicha sotish;
-mahsulotlarni muqobil transport turida yuklab jo’natish imkoniyati bo’la turib, asossiz ravishda muayyan transport turi orqali yuklab jo’natish ko’zda tutilgan shartnomalar bo’yicha qo’yish;
-birjada tuzilgan bitim va shartnomalarni asossiz yoki muntazam ravishda jarimalar qo’llanmasdan bekor qilish;
-mahsulotni yuklab jo’natish navbati bo’yicha ketma-ketlikka amal qilmaslik.
Birja savdolaridan chetlatilgan hajmlarda mahsulotlarni to’g’ridan-to’g’ri shartnomalar bo’yicha, shu jumladan, eksportga sotish holatlari aniqlanganda, to’g’ridan-to’g’ri shartnomalar bo’yicha sotilgan hajmni sotish narxi bilan birja savdolarining boshlang’ich narxi, oldin birja savdolarida sotilmagan hollarda esa bir xil turdagi mahsulot bo’yicha o’rtacha hisoblangan birja kotirovkalari (narx) o’rtasidagi tafovutga ko’paytirish orqali hisoblangan mablag’lar olib qo’yiladi.
Mahsulotlarni tegishli jadvallarda nazarda tutilgan muddatlar va hajmlarda qo’yilmagan taqdirda sotuvchidan mahsulotni birja savdosiga qo’yishning oxirgi sanasida shakllangan birja narxi bilan uning ishtirokidagi oldingi savdolar birja narxi o’rtasidagi tafovut, sotuvchi tomonidan savdolarga qo’yilmagan tovarning hajmiga ko’paytirilgan mablag’lar olib qo’yiladi.
Bundan tashqari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi “Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-5031-sonli qarorining 1-bandiga asosan 2021-yil 15-iyundan boshlab monopolist bo’lmagan va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foizdan kam bo’lgan yoki davlat ulushi mavjud bo’lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan paxtadan olingan chigit, paxta moyi (jumladan, ekstraksiya paxta moyi) va qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) — ishlab chiqarish hajmining 100 foizi hamda sement — ishlab chiqarish hajmining kamida 50 foizi ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida realizatsiya qilinishi belgilandi.
Mazkur qarorning 3-bandiga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga ichki bozorda narxlarning sun’iy ravishda oshib ketishi va bozordagi boshqa salbiy holatlarning oldini olish uchun, zarur hollarda birja savdolarining bir savdo sessiyasida bir xaridor tomonidan xarid qilinadigan mahsulot hajmlarining maksimal miqdorini (limitini) belgilash hamda talab va taklifdan kelib chiqib, ushbu hajmlarga o’zgartirish kiritish hamda yuqori likvidli, shu jumladan mavsumiylik talabdan kelib chiqqan holda talab oshadigan tovarlarni faqat tovar-xom ashyo birjalari orqali sotish bo’yicha tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar tashkilotlarga bajarilishi majburiy bo’lgan ko’rsatmalar kiritish vakolati berildi.
Shuningdek, monopolist korxonalar tomonidan faqat birja savdosi orqali bozor tamoyillari asosida sotiladigan mahsulotlar, xom ashyo va materiallar ro’yxati 27 tadan
45 tagacha ko’paytirildi. Natijada birjadagi tovar aylanmasi 2020-yilda 46,5 trln so’mni tashkil qilgan bo’lsa, 2021-yilda ushbu ko’rsatkich 74,5 trln so’mni, 2022-yilning yanvar-iyun oylarida esa 40,0 trln so’mdan ortiq summani tashkil etgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 31.05.2022-yildagi PF-145-sonli Farmoni
6-bandiga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi va uning huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga quyidagi qo’shimcha vakolatlar berildi:
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin tebranishi davrida ustun mavqeni suiiste’mol qilish, kelishib qilingan harakatlar va til biriktirishlar, shuningdek, birja savdolariga majburiy qo’yilishi kerak bo’lgan monopol va yuqori likvidli mahsulotlarni to’liq hajmda chiqarmaslik va taklifni qisqartirganlik, manipulyatsiyalar, tovar yoki moliya bozorining barqaror faoliyat ko’rsatishiga to’sqinlik qilish alomatlari aniqlanganda oxirgi kalendar yilidagi tovarlar (xizmatlar)ni sotishdan tushgan tushumidan qat’i nazar xo’jalik yurituvchi subyektlar, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalariga ijro etilishi majburiy bo’lgan taqdimnoma kiritish.
Bunda, taqdimnomaning uzrsiz sabablarga ko’ra bajarilmasligi monopoliyaga qarshi kurashish organining ko’rsatmasini bajarmaslik uchun belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Shuningdek, narxlarning asossiz o’sishi, kelishib qilinadigan harakatlar va til biriktirishlar holatlarini aniqlash uchun Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo’yicha vakilni xabardor etgan holda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar xo’jalik yurituvchi subyektlarning binolariga bevosita kirish hamda ombordagi mavjud zaxiralarini xatlovdan o’tkazish vakolati berilgan.