TOVARLAR, ISHLAR VA XIZMATLAR SIFATI ISTE’MOLCHINING TALABIGA MOS BO‘LISHI SHART
Butunjahon sifat kuni (World Quality Day) – har yili dunyoning turli davlatlarida noyabr oyining ikkinchi haftasida nishonlanadigan tadbir hisoblanadi.
Sifat kuni Yevropa sifat tashkiloti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida 1989-yil tasdiqlangan.
Shundan buyon har yili noyabr oyining ikkinchi payshanbasi 80 dan ortiq mamlakatlarda Sifat kuni sifatida nishonlanib kelinadi.
Joriy yilda bu sana 9-noyabrga to‘g‘ri keldi. Asosiy maqsad tovar va xizmatlar sifatining muhimligini oshirish hamda sifat muammolariga e’tibor qaratishga yo‘naltirilgan.
An’anaga ko‘ra, har yili tadbir ma’lum bir mavzuga bag‘ishlanadi. 2023 yilda – “Raqobatbardoshlik potensialingizni namoyon qiling!” mavzuida o‘tkazildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan mazkur sana munosabati bilan respublikamizning bir qator oliy ta’lim muassasalarida “Sifat bu ishonch. Biz sifat tarafdorimiz!” mavzuida talabalar bilan uchrashuvlar, o‘quv seminarlari tashkil etildi. Sababi talabalar ham iste’molchi, ular savdo, transport, aloqa, kommunal va boshqa xizmatlardan foydalanadilar.
Tadbirlardan ko‘zlangan maqsad, talaba-yoshlarga sifat nima, sifatli tanlov nima, mahsulotlarni qanday xarid qilish, nuqsonli tovarlarga duch kelganda ularni almashtirish, huquqlari buzilganda manfaatlarini himoya qilinishini so‘rab qayerlarga murojaat qilish tartib-qoidalari haqida ma’lumot beriladi. Shuningdek, Qo‘mita tomonidan iste’molchilar bilan uchrayotgan muammoli holatlarning oldini olish maqsadida yirik savdo subyektlari xodimlari uchun o‘quv seminarlari tashkillashtirib borilmoqda, ommaviy axborot vositalari orqali aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan chiqishlar tashkil etilmoqda.
Ma’lumki, keyingi yillarda Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘plab qoldirilgan murojaatlarda xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlari iste’molga yaroqsizligidan shikoyat qilishgan. Bular: sut va sut mahsulotlari, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, non va non mahsulotlari, qandolat, makaron, yorma va konservalangan mahsulotlar hamda salqinlantiruvchi ichimliklarga tegishli. Olib borilgan o‘rganishlarda haqiqatan ham savdo shoxobchalarida sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddati o‘tib sifatsiz holatga kelgani, ishlab chiqarilgan sanasi mavjud emasligi, saqlanish me’yorlariga e’tibor qaratilmayotgani ma’lum bo‘ldi.
Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 17 252ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, ulardan 33,6 % uy-joy kommunal, transport xizmatlari, 43,3 % savdo va umumiy ovqatlanish, aloqa, 19,6 % moliya va ijtimoiy xizmatlar, 19,6 % reklama munosabatlariga to‘g‘ri keladi. Mazkur murojaatlarning 86,2% ijobiy hal etilishiga erishildi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilardan jami 128,8 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha mablag‘lar olingani aniqlanib, 125 mlrd so‘m mablag‘lar qayta hisob-kitob qilingan va o‘tkazilgan o‘rganishlarda 368 966 nafar iste’molchining huquqlari tiklanishiga erishildi.
Savdo sohasida joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida iste’molchilarga 553 ta holatda, 1465 dona mahsulotlardagi 4,692 mlrd so‘mdan ortiq miqdoridagi mahsulotlar almashtirib yoki qaytarib berilgan.
Ma’lumot o‘rnida. Bugungi kunda mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarining davlat tomonidan himoya qilinishini to‘liq ta’minlangan. O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasida, davlat iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.
Iste’molchilarning huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, sudlar ta’minlashi belgilab berilgan.
Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish uchun maxsus vakolat berilgan davlat organlari:
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini o‘z vakolatlari doirasida nazorat qiluvchi boshqa davlat boshqaruvi organlari etib belgilangan.