2021-yilda Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirilgan.
Birinchidan, insofsiz raqobatga yo’l qo’yilmasligi bo’yicha.
O’tgan yilda ushbu yo’nalishda 261 ta murojaat o’rganib chiqildi, natijada 68 ta holatda insofsiz raqobatga yo’l qo’yilganligi aniqlanib, belgilangan tartibda ish qo’zg’atildi va qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo’yicha ko’rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, texnik chigitni sotishda kelishib olingan harakatlar – kartel kelishuvlariga barham berildi. Birjada savdolarida klasterlar tomonidan chigit boshlang’ich narxi asossiz ravishda qariyb 40 foiz oshirilishi, pirovardida paxta yog’i narxi oshishiga ta’sir qilgan.
Ko’rilgan choralar natijasida narxlar oshirilgunga qadar bo’lgan darajaga qaytarilishi ta’minlandi va bugungi kunda narxlar shu darajada saqlanib kelinmoqda.
Ikkinchidan, narxlarni tartibga solish sohasida.
Monopol korxonalar tomonidan tartibga solinadigan narxlarning noto’g’ri qo’llanilishi natijasida olgan 71 mlrd so’mdan ortiq asossiz daromad iste’molchilar foydasiga qayta hisob qilindi.
Natijada, shu miqdorda 44 ming nafar aholi va tadbirkorlarning iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishi ta’minlandi.
Masalan, urug’lik don, dizel, elektr va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz hamda boshqa mahsulot va xizmatlar narxlari shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, bir qator tovar va xizmatlarga monopol yuqori narxlar qo’llanilishining oldi olindi. Jumladan, kalsiylangan soda 20 foiz, sertifikatlashtirish xizmatlari 15 foiz, yer osti kollektorlari xizmati 50 foizga pasaytirildi.
Natijada, 300 ga yaqin tadbirkordan 100 mlrd so’mdan oshiqcha to’lov undirilishi oldi olindi.
Jarima maydonchalari faoliyati raqobat asosida yo’lga qo’yilishi va xususiy tadbirkorlik subyektlaridan asossiz to’lovlar undirilishi bekor qilindi.
Uchinchidan, tabiiy monopoliyalar faoliyatini tartibga solish sohasida.
Tabiiy monopoliya subyektlarining shartnomalari to’liq xatlovdan o’tkazildi. Shartnomalar raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunchiligiga to’liq muvofiqlashtirildi.
Ommaviy shartnomalarning Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi bilan to’liq kelishilgandan so’ng tuzilishi tizimi yo’lga qo’yildi.
Kommunal to’lovlar 100 mingdan ortiq aholidan ortiqcha olingan 8,7 mlrd so’mlik to’lovlar aholi foydasiga qayta hisob qilindi.
Xususan, mingdan ortiq oilaviy korxonalarga nisbatan tariflarni oshirib qo’llash natijasida olingan 1,5 mlrd so’m qaytarildi mazkur mablag’lar ular tomonidan o’z tadbirkorligini rivojlantir uchun yo’naltirishga imkon yaratildi.
Birgina Toshkent shahrida joylashgan ko’p qavatli uy qurilishi bilan shug’ullanuvchi tadbirkordan asossiz ravishda elektr energiyasi uchun undirilgan 1,7 mlrd so’m tadbirkorga qaytarildi.
Yoki, temir yo’l xizmatlarini ko’rsatishda imtiyozlarni qo’llamaslik hamda qo’shimcha xizmatlarni tiqishtirish holatlari bartaraf etilishi natijasida 300 mln so’m mablag’ tadbirkorlar foydasiga hal qilindi.
To’rtinchidan, davlat ishtirokini cheklash va qonunbuzilish profilaktikasi sohasida.
Davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishda Qo’mitaning oldindan roziligini olish, bunda 5 dan ortiq xususiy tadbirkor faoliyat yurituvchi sohalarda davlat korxonalarini tashkil etmaslik mexanizmi yo’lga qo’yildi.
Natijada, davlat ishtirokidagi korxonalarni tuzish bo’yicha 29 ta murojaat ko’rib chiqilib, 10 ta holatda bunday korxonalarning tashkil etilishi maqsadga muvofiq emas deb topildi.
Ta’kidlash joizki, Davlat Rahbarining tegishli qaroriga muvofiq Qo’mita tomonidan doimiy ravishda davlat muassasalari faoliyati tahlil qilinishi, xususiy tadbirkorlar faoliyat yuritayotgan va raqobat rivojlangan sohalarda davlat muassasalarini xususiylashtirish yoki tugatish bo’yicha takliflarni Davlat tender komissiyasiga kiritib borish mexanizmi belgilandi.Metall mahsulotlar ishlab chiqarish bozorida induksion pechlardan foydalanishga qo’yilgan cheklovlarni bekor qilish bo’yicha takliflar ishlab chiqildi, bu esa bevosita 50 dan ortiq tadbirkorga faoliyatini qayta tiklashga imkon berdi.
Qonunbuzilish oqibatini bartaraf etish emas, balki ularning oldini olishga qaratilgan monopoliyaga qarshi komplayens tizimi yo’lga qo’yilgan va muttasil ravishda rivojlantirib borilmoqda.
Bunda monopoliyalar va davlat tashkilotlarida faoliyatni raqobat qonunchiligiga muvofiq tashkil etish maqsadida komplaens xizmatlari tashkil etildi.
Jami 46 ta, shundan 10 ta davlat ishtirokidagi korxonalarda, 14 ta mahalliy hokimiyat organlarida va 22 ta davlat boshqaruvi organlarida komplaens tizimi joriy qilindi.
Bugungi kunda ular faoliyati muvofiqlashtirib borilmoqda va bunday tashkilotlar ko’paytirilmoqda.Beshinchidan, tender va birja savdolarini tartibga solinishi sohasida. Davlat xaridlari doirasidagi tender savdolarida 6,7 mingdan ziyod (2020-yilning mos davrida 2,2 mingdan ziyod raqobatni cheklovchi omillarning oldi olindi.
Tovar xomashyo birjalari orqali sotiladigan yuqori likvidli va monopol mahsulotlar soni 38 tadan 45 taga yetdi, tadbirkorlar ochiq savdolar orqali tovar va xomashyo resurslari xarid qilish imkoni kengaytirildi.
Savdolarni manipulyasiya qilishning oldini olishga qaratilgan mexanizmlar ishlab chiqildi.
Oltinchidan, raqobatga ta’siri baholangan boshqa vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy bo’linmalari tomonidan ishlab chiqilgan 1,5 mingta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalar o’rganildi va 278 ta loyihada raqobatga zid normalar aniqlandi va ularni bartaraf etish tegishli xulosalari berildi.
Shuningdek, mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan 976 ta hamda davlat organlarining 374 ta hujjatlari raqobatga zid ekanligi aniqlandi va ularni bekor qilish choralari ko’rildi