Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlar markazida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining “Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Raqobat qo‘mitasi rais o‘rinbosari Farrux Karabaev tomonidan hisobot berildi.
Jumladan, Qonunchilik hujjatlari bilan berilgan vakolatlar, funksiya va vazifalaridan kelib chiqib, 2024 yilda Raqobat qo‘mitasi tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Qo‘mita markaziy apparati tomonidan 138 ta tovar va xizmatlar bozorlari tahlil qilindi. Shundan, 22 ta bozorlar to‘liq tahlil, 40 ta tovar va ish xizmatlarning bozorlarda muqobillari mavjud yoki mavjud emasligi yuzasidan va mahsulot bilan to‘yinganligi bo‘yicha 76 ta ekspress tahlillar o‘tkazildi.
Tahlil natijalarida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning
13-moddasiga asosan, 11 ta korxona 10 ta tovar va xizmatlar ustun mavqega ega deb e’tirof etildi hamda 7 ta korxona 7 ta tovar va xizmatlar bo‘yicha ustun mavqeini yo‘qotganligi e’tirof etildi.
Misol uchun:
“Indorama Kokand fertilizers and chemicals” va “Farg‘onaazot” AJlar shaxslar guruhi sifatida superfosfat bo‘yicha ustun mavqega ega deb e’tirof etildi.
“Uzbekistan airways” AJ va “Uzbekistan Helicopters” MCHJlar shaxslar guruhi sifatida mahalliy yo‘nalishlarda havo transportida yo‘lovchi tashish xizmati va “Uzbekistan airways” AJ xalqaro yo‘nalishlarda havo transportida yo‘lovchi tashish xizmati bo‘yicha ustun mavqega ega deb e’tirof etildi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan project.gov.uz portali orqali Qo‘mitaga kelib tushgan 1 026 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining (ex-ante usulida) raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan xulosalar tayyorlandi, shundan 449 ta
(44 %) holatda qonunchilik talablariga zid normalar mavjud ekanligi aniqlandi.
Jumladan, 2024 yil davomida 261 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori va Farmoni loyihalari Qo‘mitaga kelib tushgan bo‘lsa, shulardan 140 tasida (54 %), 576 ta Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi Qo‘mitaga kelib tushgan bo‘lsa, shulardan 247 tasida (43 %) amaldagi qonunchilik hujjatlari hamda raqobat qonunchilik hujjatlari talablariga zid normalar mavjudligi yuzasidan tegishli xulosalar berildi.
III. Birja savdolari orqali jami 121 trln so‘mlik mahsulotlar realizatsiya qilingan bo‘lib, bunda 114 trln so‘m ichki savdo, 2,5 trln eksport va 4,5 trln so‘m import hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Bundan tashqari, 165 ta holatda birja savdolariga oid qonunchilik talablari buzilganligi bo‘yicha 155 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va tegishli choralar ko‘rildi.
Shuningdek, Qo‘mita tovar-xom ashyo birjalar faoliyatini litsenziyalovchi organ etib belgilangan bo‘lib, 2024-yilda “Toshkent tovar xom-ashyo birjasi” AJga tovar-xom ashyo birjasi faoliyati uchun litsenziya taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 722-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga rioya etilishi yuzasidan sub’ektlar kesimida joriy yilning o‘tgan davrida o‘rganishlar o‘tkazilgan va iste’molchilardan jami 381,6 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad olinganligi aniqlangan.
Hisobot davrida Raqobat qonunchiligi talablari 800dan ortiq holatda buzilishi aniqlanib, belgilangan tartibda 400 dan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ish qo‘zg‘atilib 49,4 mlrd so‘m 1 mlndan ortiq iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
Tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari va aholidan asossiz olingan jami 10 033,6 mln so‘m (tabiiy gaz – 4 273,2 mln so‘m, elektr energiyasi – 4 534,5 mln so‘m, ichimlik suv va issiqlik ta’minoti – 933,4 mln so‘m, boshqa xizmatlar – 292,4 mln so‘m) mablag‘lar qaytarilishiga erishildi.
Misol uchun, Jizzax viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning Janubiy kon boshqarmasi va “Charog‘on Yulduzi” MCHJlar murojaat qilib, “Hududgazta’minot” AJ va uning “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanganligidan noroziligini bildirib, mazkur masalalarni belgilangan tartibda hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan.
Mazkur murojaatlar yuzasidan Qo‘mita, “Hududgazta’minot” AJ hamda Qo‘mitaning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan o‘rganishlar natijasida mazkur tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan asossiz hisoblangan 3,66 mlrd so‘m qarzdorlik “Hududgazta’minot” AJ tomonidan “Hududgazta’minot korporativ tizimi” elektron dasturida tahrirlash yo‘li orqali chiqarilishi ta’minlanib, tadbirkorlarning huquqiy manfaatlari himoya qilinishiga erishildi.
Davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan jami boshlang‘ich qiymati 28,2 trln. so‘m bo‘lgan 25 867 ta davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar natijasida buyurtmachilar tomonidan 16 493 ta (63,8 %) savdolar jarayonida 21 574 ta raqobatga zid harakatlar aniqlandi.
Aniqlangan jami 16 493 ta holatdan 10 530 ta holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan, 5 963 ta xaridlar Qo‘mita va hududiy organlari tomonidan o‘rganilib, vakolat doirasida 1 133 ta ish qo‘zg‘atilgan, 1 029 ta mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 501 ta xaridlar bo‘yicha kamchiliklar buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilishiga erishilgan.
Misol uchun:
Davlat kadastrlari palatasining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan etender.uzex.uz saytida “144-dona kompyuterlarni sotib olish” uchun jami qiymati
3,6 mlrd.so‘mlik tender savdosi o‘tkazilgan.
Xarid komissiyasi tomonidan tender ishtirokchilarining malaka va texnik takliflari xolisona baholanmaganligi natijasida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasida belgilangan talablari buzilganligi aniqlandi.
Tender savdolari natijasida qabul qilingan qaror va shartnoma Qo‘mitaning ko‘rsatmasiga asosan buyurtmachi tomonidan bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
VII. Insofsiz raqobat holatlari bo‘yicha kelib tushgan jami 234 ta murojaat ko‘rib chiqilgan. Murojaatlar o‘rganilishi natijasida 49 ta murojaat bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan, 15 ta murojaat bo‘yicha ish qo‘zg‘atish rad etilgan, 156 ta murojaat buyicha tushuntirish xatlari yuborilgan, 5 ta murojaat bo‘yicha apellyatsiya tartibidagi shikoyat arizasi, 9 ta murojaat bo‘yicha ko‘rib chiqish davom etmoqda.
Misol uchun:
Qo‘mita “CANDY MIX GOLD” MCHJning Rossiya davlatining “Konditerskie izdelie Jako” MCHJ tomonidan ishlab chiqargan “JAKO” nomli qandolat mahsulotlarini 2019-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berish bilan shug‘ullanishi, biroq 2021 va 2022-yillarda “REACH IMPEX” MCHJ va “JAKO CANDY” MCHJ nomiga “JAKO” tovar belgilari MGU43387 va MGU44288 guvohnomalar bilan ro‘yxatga olinganligi, natijada bugungi kunda “REACH IMPEX” MCHJ tomonidan “CANDY MIX GOLD” MCHJga “JAKO” nomli qandolat mahsulotlarini olib kirilishiga to‘sqinlik bo‘layotganligi to‘g‘risida ma’lum qilib, mazkur tovar belgilarini ro‘yxatga olinishini insofsiz raqobat deb topishni so‘ragan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, “JAKO CANDY” MCHJ va “REACH IMPEX” MCHJ “Jako” tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini buzgan deb topilgan va tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
VIII. O‘tgan davrda Iste’molchilar huquqlari buzilishi holatlari bo‘yicha jami 30 070 ta murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlarning 12 906 tasi (42,9 foiz) uy-joy kommunal, transport xizmatlari, 9 931 tasi (33 foiz) savdo va umumiy ovqatlanish, 6 295 tasi (20,9 foiz) aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 938 tasi (3,2 foiz) reklama munosabatlari masalalariga to‘g‘ri keladi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda
23 945 nafar iste’molchining huquqlari buzilganligi aniqlangan va iste’molchilar foydasiga 32,9 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
Shu bilan birga savdo sohasida iste’molchilarga 426 ta holatda 3,08 mlrd. so‘mdan ortiq miqdoridagi mahsulotlar almashtirib yoki qaytarib berilgan.
Iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida 10 ga yaqin yo‘nalishda 324 ta tizimli o‘rganishlar o‘tkazilgan va iste’molchilardan jami 143,1 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha haq olinganligi aniqlangan.
Misol uchun: 1. Maishiy chiqindi tashish xizmatlari, 2. Tabiiy gazni yetkazib berish xizmatlari, 3. Iste’molchilarga suv oqava xizmati ko‘rsatish, 4. Temir yo‘l xizmatlarini ko‘rsatish, 5. Sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish, 6. Aloqa xizmatlarini ko‘rsatish, 7. “HUMO AIR” aviakompaniyasi tomonidan iste’molchilarga ko‘rsatilgan xizmatlar. 8. Pullik tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar va shu kabi boshqa sohalar o‘rganilgan.
Tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish maqsadida, tasdiqlangan reja-grafik asosida muntazam ravishda chakana savdoda tovarlar nazorat xaridini va ularni ekspertizadan o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, jami 560 nomdagi mahsulotlarning nazorat xaridi amalga oshirilib (“Sifat nazorati” teleko‘rsatuvi bilan hamkorlikda), ularning ekspertizadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, 111 nomdagi mahsulotlar normativ-texnik hujjatlar talablariga javob bermasligi aniqlangan.
Reklamalarni joylashtirilishi va tarqatilishi bo‘yicha jami
37 mingdan ortiq , jumladan televidenieda 563ta, radio 367 ta, tashqi reklama vositalaridagi 29,5 mingdan ortiq, bosma nashrlarda 305 ta, internet va ijtimoiy tarmoqlarda 6,5 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazildi.
O‘rganish (monitoring)lar natijasida 14 mingdan ortiq holatda turli kamchiliklar aniqlanib, ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Reklamaga oid huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha 112 ta sub’ektga nisbatan 2,7 mlrd. so‘m miqdorda moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan.
Reklama beruvchilar tomonidan taqdim etilgan reklama eskizlarini amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan 3 809 ta ekspertiza va tahlillar o‘tkazilib, ularning 543 tasi (14 foiz) bo‘yicha reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga nomuvofiqligi haqida xulosalar berilgan.
Bundan tashqari, tashqi reklamalarning davlat tili qoidalariga mosligini o‘rganish yuzasidan jami 41 443 ta monitoringlar o‘tkazildi. Shundan, 13 262 ta (32 foiz) tashqi yozuvlar, xususan, peshlavha, reklama va boshqa e’lonlar, axborot matnlarining davlat tili qoidalariga muvofiq emasligi aniqlangan.
“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun buzilish holatlarini oldini olish maqsadida 2024 yilda 63ta, shu kunga qadar esa jami 261ta, shundan, 70 ta tabiiy monopoliya sub’ektlarida, 75 ta tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda, 35 ta mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida, 32 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida hamda 49 ta davlat ishtirokidagi korxonalar monopoliyaga qarshi komplaens tizimi to‘liq joriy etildi.
Shu bilan bir qatorda, Qo‘mita faoliyatini yana-da samarali davom etirish, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash maqsadida 2024 yilda Qo‘mita tomonidan 23 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan. Shundan, 5 ta O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish loyihasi, 4 ta Prezident qaror va farmonlari loyihasi, 11 ta Vazirlar Mahkamasi qarori, 2 ta Qo‘mita qaror loyihasi hamda 1 ta idoraviy buyruq loyihasi tayyorlangan.