O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida

HISOBOT

 

2026-yil 1-oktyabr holatiga

Tashkilotning Korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar dasturi bajarilgani toʻgʻrisida umumiy axborot

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, Qo‘mitaning markaziy apparati tuzilmasida alohida, Ichki audit, korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi tashkil etilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Qo‘mita o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolangan.

Mazkur memorandum doirasida Qo‘mitaga yuklatilgan funksiyalari bo‘yicha korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan lavozimlar aniqlanib, ularning xatar darajasini minimallashtirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda.

Shuningdek, Qo‘mita tizimida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va kamaytirish, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish hamda ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlar 2026-yil 3 choragida amaldagi qonunchilik, tegishli topshiriqlar va Qo‘mita rahbariyati tomonidan qabul qilingan hujjatlar asosida davom ettirildi.

 

Siyosat va tartib-taomillar

 

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etuvchi tavsiyaviy hujjatlar to‘plamidan foydalangan holda, korrupsiyaga qarshi kurashishga doir ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilgan va Qo‘mita raisining tegishli buyruqlari bilan tasdiqlangan.

Jumladan:

– Qo‘mitaning Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati;

– Qo‘mitaning markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari, hududiy organlari va idoraviy mansub tuzilmalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash Uslubiyoti;

– Qo‘mita va uning tarkibiy tuzilmalarida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risidagi Nizomi;

– Aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish reglamenti;

– Qo‘mitaning markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari va hududiy organlari xodimlarini etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitishni tashkil qilish bo‘yicha yo‘riqnoma;

– Qo‘mita markaziy apparati, hududiy organlari va tizimdagi tashkilotlarida kontragentlarni o‘rganishga oid Yo‘riqnoma;

– Ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish bo‘yicha yo‘riqnoma;

– Qo‘mita va uning hududiy tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurash tizimining holati to‘g‘risidagi hisobotni shakllantirish va taqdim etish to‘g‘risida Nizom;

– Qo‘mita xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlari, odob-axloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish bo‘yicha Reglamenti;

– Qo‘mita markaziy apparati, hududiy organlari va tizimdagi tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha Dastur;

– Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqacha tarzda ko‘maklashgan Qo‘mitaning xodimlarini rag‘batlantirish tartibi;

– Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi markaziy apparatining tarkibiy tuzilmalari, hududiy organlari va  idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom;

– O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarida Korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish uslubiyoti va boshqalardir.

 

Xavf-xatarlarni baholash

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-240-son qaroriga asosan 2026-yilda Qo‘mitaning markaziy apparati, hududiy organlari va idoraviy mansub tashkilotlarining jami
102 ta funksiyasi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash yuzasidan tahlil qilingan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 82 ta funksiyaning xavf-xatar darajasi “past”, 20 ta funksiyalarning korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “o‘rta” deb baholangan.

Baholash natijalari bo‘yicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dasturi tasdiqlandi.

 

Amalga oshiriladigan korrupsiyaga qarshi kurashish tartib-taomillar

 

Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish

 

Qo‘mitaning FAIR TECH elektron platformasi orqali ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani elektron shaklda taqdim etish imkoniyati yaratildi.

Mazkur tizim 2025-yilda sinov tariqasida Qo‘mita markaziy apparati xodimlari tomonidan qo‘llanildi.

2026-yil uchun yillik ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar xodimlar tomonidan FAIR TECH elektron platformasi orqali taqdim etildi. Taqdim etilgan deklaratsiyalar tahlil qilinganda manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanmadi.

Shuningdek, 2026-yil 9-iyul va 9-sentabr kunlari o‘tkazilgan yig‘ilishlarda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, deklaratsiyalarni belgilangan tartibda to‘ldirish hamda E-Antikorrupsiya axborot tizimining “Komplayens nazorat” modulidan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

 

Kontragentlarni tekshirish

 

Qo‘mita tomonidan joriy yilning 2026-yil yanvar-sentyabr oylarida Qo‘mitaning mnarkaziy apparati tomonidan 142 ta davlat xaridlari amalga oshirilgan bo‘lib, Shundan 86 tasi elektron do‘kon orqali, 56 tasi esa qonunchilikda belgilangan tartibda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshirilganligi sababli kontragentlar tekshirilmagan. Davlat xaridlarida qonunchilik talablariga rioya etish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari asosiy nazorat yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

 

Ishga nomzodlarni tekshirish

 

2026-yilning 1-choragida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tizimiga ishga qabul qilish jarayonida jami 7 nafar nomzod yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruv ishlari amalga oshirildi.

Shundan, Qo‘mita markaziy apparatiga ishga kirish uchun 2 nafar nomzod, shuningdek, hududiy organlarga ishga qabul qilish uchun 5 nafar nomzod bo‘yicha tegishli tekshiruvlar o‘tkazildi.

 

Taʼlim va kommunikatsiya

 

2026-yil 9-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi komplayens va ichki nazorat bo‘limining birinchi yarim yillik faoliyati yakunlari, Milliy kengashning 34-son bayonnomasi ijrosini tashkil etish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijalari hamda “E-Antikorrupsiya” axborot tizimining “Komplayens nazorat” modulidan foydalanish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda ichki nazoratni kuchaytirish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

2026-yil 17-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakili ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish qonunchiligi talablari, davlat xizmatchilarining majburiyatlari, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish va xizmat odobi qoidalariga rioya qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va kamaytirish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

2026-yil 27-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat xaridlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, qonunbuzilishlarga takroran yo‘l qo‘yayotgan davlat buyurtmachilarini tahlil qilish va normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida o‘quv kurslari tashkil etilgan. Qo‘mita bo‘limi boshlig‘i A. Xakimov “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali idoraviy chora-tadbirlar tashkil etilishini ta’minlash”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimini samarali ishlashini ta’minlash” hamda “Manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash, ularni bartaraf etish hamda oldini olish” kurslarida ishtirok etgan. Bo‘lim bosh mutaxassisi U. Toshboev tegishli o‘quv kursini tamomlagan. Shuningdek, 2026-yil may oyida yuqori korrupsiyaviy xavf-xatarli davlat xizmati lavozimlarida ishlovchi xodimlar uchun 24 soatlik maxsus o‘quv kursi o‘tkazildi.

 

Korrupsiyaviy xatti-harakatlar va huquqbuzarliklar toʻg‘risidagi xabarlar

 

Huquqbuzarliklar va ularga sharoit yaratuvchi omillar haqidagi xabarlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash va o‘z vaqtida oldini olish maqsadida, Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha “ishonch telefoni” (71-207-49-00) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid anonim shikoyatlar uchun alohida elektron pochta (anticorruption@antimon.gov.uz) hamda @ACRUanticor_bot Telegram kanali yaratilib, o‘z faoliyatini belgilangan tartibda olib bormoqda.

2026-yilning to‘qqiz oyi davomida mazkur aloqa kanallari orqali korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan murojaatlar kelib tushmagan. Hududiy organlarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida ham korrupsiyaga olib keluvchi omillarni ko‘rsatuvchi holatlar va alomatlar aniqlanmagan.

 

Monitoring va nazorat

 

Qo‘mita ichki boshqaruv, audit va monitoring tizimlarini mustahkamlash orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda sezilarli natijalarga erishildi.

2026-yilning yanvar-sentyabr oylarida  rejalashtirilgan 3 ta ichki audit tadbiri va 3 ta hududiy organlarda  korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish va tahlil qilish maqsadida nazorat tadbiri o‘tkazildi.

 

Aniqlangan qoidabuzarliklar va ularga taʼsir choralari

 

2026-yilning 9 oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi markaziy apparati, tizim tashkilotlari va hududiy organlarida profilaktika, ichki nazorat va axloqiy standartlar samarali joriy etilganligi, xavflarni tahlil qilishi tizimi yo‘lga qo‘yilganligi sababli, korrupsiyaga oid qonunbuzilishi holatlari aniqlanmadi.

 

Xulosalar

 

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan joriy etilgan ichki nazorat tizimi, huquqiy baza va axborot kanallari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tizimli yondashuvni shakllantirgan. Qonunbuzilish holatlarining aniqlanmaganligi profilaktik ishlar samarali yo‘lga qo‘yilganligini anglatadi.

 

Korrupsiyaga qarshi kurash tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar va tadbirlar rejasi

 

Qo‘mita tizimida korrupsiyaning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda xodimlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni mustahkamlash maqsadida quyidagi ishlarni izchil davom ettirish taklif etiladi:

– korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi va korrupsiyaga qarshi kurashish dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosini muntazam monitoring qilish;

– FAIR TECH platformasi orqali manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyalarining o‘z vaqtida va to‘g‘ri taqdim etilishini ta’minlash;

– E-Antikorrupsiya axborot tizimining “Komplayens nazorat” modulidan samarali foydalanish va ma’lumotlarni o‘z vaqtida yangilash;

– davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilik talablariga rioya etish hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish choralarini kuchaytirish;

– hududiy organlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha nazorat tadbirlarini davom ettirish va natijalari bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilash;

– xodimlar uchun korrupsiyaga qarshi qonunchilik, xizmat odobi va manfaatlar to‘qnashuvi masalalarida o‘quv-seminarlarni muntazam tashkil etish;

– ishonch telefoni, elektron pochta va Telegram-bot faoliyatini uzluksiz ta’minlash hamda kelib tushgan xabarlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish;

Yuqorida qayd etilgan chora-tadbirlar asosida ishlarni tizimli tashkil etish orqali Qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi samarali profilaktika mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi ishlar bugungi kunda ham izchil ravishda davom ettirilmoqda.