Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning o‘tgan 9 oyi davomida tovar, moliya va raqamli bozorlarida o‘tkazilgan tahlillar
Qo‘mita tomonidan korxonalarning tovar va xizmatlar bozoridagi mavqeini baholash, ustun mavqega ega sub’yektlarni aniqlash, shuningdek, raqobat muhiti shakllangan bozorlarda bunday mavqeni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun va tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablaridan kelib chiqib, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning ustun mavqeini e’tirof etish yoki bekor qilish masalalari yuzasidan:
23 ta bozorda raqobat muhiti holati;
40 ta tovar va ish xizmatlarning bozorlarda muqobillari mavjud yoki mavjud emasligi bo‘yicha;
95 ta mahsulot bilan to‘yinganligi yuzasidan jami 158 ta tovar va xizmatlar bozorida ekspress-tahlillar o‘tkazildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 3 ta korxona ustun mavqega ega deb e’tirof etildi, shuningdek 5 ta korxona ustun mavqeini yo‘qotgan deb e’tirof etildi.
Misol uchun Viza xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha «VFS Global Services UBKN» va «Vizametric» MChJlari ustun mavqega, «TLS Contact» MCHJ esa ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi.
Bundan tashqari, “OLX Classifieds” MCHJ xorijiy korxonasi esa raqamli platforma sifatida (“OLX” savdo belgisi ostida) onlayn reklama (e’lon) joylashtirish xizmati bo‘yicha raqamli platforma sifatida ustun mavqega ega deb e’tirof etildi.
Shuningdek, «Samarqand avtomobil zavodi» MCHJ XK avtobus ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha hamda «3-son avtokombinat» MCHJ unni qadoqlanmagan tarzda tashish bo‘yicha korxonalar ustun mavqeini yo‘qotgan deb e’tirof etildi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda tovar yoki moliya bozorida ustun mavqei e’tirof etilgan 127 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mavjud. (Ushbu ro‘yxat bilan Qo‘mitaning veb-saytida tanishishingiz mumkin.)
Qo‘mita tomonidan ichki bozorning mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlar bilan to‘yinganligini aniqlash maqsadida 97 ta o‘rganishlar o‘tkazildi.
Jumladan, mebel furnituralari, sintetik polimer va tolalar, suv va havoni tozalash filtrlari, faollashtirilgan ko‘mir, elektr transformatorlari quruq qorishmalar uchun kimyoviy moddalar va boshqa mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasi pastligi ma’lum bo‘ldi.
Qo‘mita tomonidan muqobillari bo‘lmagan va texnik jihatdan murakkab tovarlarni yetkazib beruvchilar bozorida 20 dan ortiq tarmoqlarda deklaratsiya xizmatlari, kosmik monitoring, aviatsiya kimyo ishlari, temir yo‘l ehtiyot qismlari, qurilish texnik nazorati va boshqa sohalarda mavjud bo‘lgan 40 ta tovar va ish xizmatlarning bozorlarda muqobillari mavjud yoki mavjud emasligi yuzasidan tahlillar o‘tkazildi.
Shundan 17 ta bozorda raqobat rivojlanmaganligi sababli xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish maqsadga muvofiq emasligi va 23 ta bozorda raqobat mavjud emasligi munosabati bilan mazkur reyestrga kiritish maqsadga muvofiqligi yuzasidan xulosalar taqdim etildi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan ustuvor vazifalar va iqtisodiy islohotlar doirasida iqtisodiyotda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda uni rivojlantirish borasidagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.








