Navoiy viloyatining Xatirchi tumani hokimligida Raqobat qo‘mitasi rahbariyati tomonidan Qo‘mita huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlar markazi va German Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkiloti (Germaniya) bilan hamkorlikda o‘quv-seminar tashkil etildi.
Prezidentning 2026-yil 11-sentyabrdagi PF–193-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda qo‘mita mutasaddilari, tegishli tashkilotlar va tijorat banklari vakillari hamda hokim yordamchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni qo‘mita raisi o‘rinbosari U.Davlatov kirish so‘zi bilan ochdi. U seminarning aynan Xatirchi tumanida o‘tkazilayotgani bejiz emasligini, tuman viloyatda kambag‘allik va ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlardan biri ekanini alohida qayd etdi. Shu bois hududda kam xarajat talab etadigan kichik loyihalarni amalga oshirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va tumanni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Seminarga “Uzum Market” MCHJ XK vakillarining jalb etilgani ham shu maqsadga xizmat qiladi. Korxona elektron savdo orqali kichik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Onlayn savdo katta sarmoya talab etmaydi va tuman aholisiga o‘z mahsulotini keng bozorga chiqarib, barqaror daromad topish imkonini beradi. Tadbirda korxona vakili onlayn savdo orqali tovarlarni sotish, savdo jarayonlarini boshqarish va sotuvchilar bilan ishlash bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Shuningdek, franshiza asosida buyurtmalarni topshirish punktlarini tashkil etish, ularning daromadliligi va joy tanlash mezonlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, seminarda German Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkiloti eksperti Liya Grauberger “Muvaffaqiyatli loyiha boshqaruvi: yo‘l xaritasidan hayotiy loyihaga qadar — rejalashtirish, loyihani asoslash va tegishli moliyalashtirish vositalaridan foydalanish” mavzusida taqdimot qildi.
Qo‘mita huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlar markazi direktori O.Jumayev o‘z chiqishida hududlarning ishlab chiqarish salohiyatidan kelib chiqib yangi loyihalarni shakllantirish va ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish muhimligini qayd etdi.
Seminar ishtirokchilarning tadbirkorlik loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.








