Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalasi muhim o‘rin tutadi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi boshqa vakolatli organlar qatorida bu masalaga muntazam ravishda e’tibor qaratib kelmoqda. Bunda qo‘mita tomonidan fuqarolarga qulaylik yaratish va muammolarni tezkorlik bilan hal qilish maqsadida 1159 raqamli yagona ishonch telefoni, qo‘mita rasmiy sayti, telegram boti orqali murojaatlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yilgani yaxshi natija bermoqda.Jumladan, o‘tgan yili qo‘mitaga iste’molchilardan jami 31 mingtaga yaqin murojaat tushgan. Ularning asosiy qismi uy-joy kommunal, transport xizmatlari, savdo va umumiy ovqatlanish sohalari, aloqa, moliya hamda ijtimoiy xizmatlar yo‘nalishlariga to‘g‘ri kelgan. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida iste’molchilarga 32,9 mlrd. so‘m miqdorda yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilingan.
Shu bilan birga, savdo sohasida iste’molchilarga 426 ta holatda 3,08 mlrd. so‘mdan ortiq miqdordagi mahsulotlar almashtirib yoki qaytarib berilgan. Ma’lumki, bugungi kunda fuqarolar ijtimoiy tarmoq orqali o‘zlarini qiynayotgan muammolari yuzasidan murojaat qoldirishmoqda. Qo‘mita vakolati doirasida bunday iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilmoqda. Muammoli murojaatlardan kelib chiqib, 10 ga yaqin yo‘nalishda 324 ta tizimli o‘rganishlar o‘tkazilganda iste’molchilardan jami 143,1 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha haq olinganligi aniqlangan. Mazkur o‘rganishlar natijasida iste’molchilar foydasiga 129,5 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlangan. Misol tariqasida maishiy chiqindi tashish xizmatlarini ko‘rsatishda qonunchilik talablariga rioya etmagan hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarni keltirib o‘tsak. Achinarlisi, xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan belgilangan muddatda chiqindilarning olib ketilmasligi fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, aholi yashash joylari, atrof-muhitga zarar ko‘rsatishi hamda turli kasalliklarning ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holatni o‘rganish chog‘ida iste’molchilarga ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun jami 77,1 mlrd. so‘m qarzdorlik hisoblanganligi ma’lum bo‘lgan. Ya’ni hududlardan Farg‘ona viloyatida (40,5 mlrd so‘m),
Qashqadaryo viloyatida (13,2 mlrd. so‘m), Navoiy viloyatida (11,7 mlrd so‘m), Namangan viloyati (11,04 mlrd so‘m) va Sirdaryo viloyatida (528,6 mln so‘m) asossiz qarzdorlik hisoblangan. Farg‘ona viloyatida iste’molchilarga tabiiy gazni yetkazib berishda aholiga qarzdorlik hisoblanish holatlari o‘rganilganda “Hududgaz Farg‘ona” GTF tomonidan 5,2 mlrd. so‘m miqdorda asossiz qarzdorlik qayd etilgani kuzatilgan. Buxoro hamda Sirdaryo viloyatlarida iste’molchilarga oqova suv xizmati ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishda iste’molchilarga 3,65 mlrd. so‘m miqdorda asossiz to‘lov hisoblangani, temir yo‘l xizmatlarini ko‘rsatish sohasida chipta narxini asossiz ravishda oshirish natijasida iste’molchilardan 1,35 mlrd. so‘m miqdorda mablag‘lar olinganligi aniqlangan.
Shuni ta’kidlash kerakki, qo‘mita tomonidan iste’molchilar huqularini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va farmatsevtika sohasida qonunchilik me’yorlarining iste’molchi foydasiga ishlashini interaktiv usulda nazorat qilish maqsadida “FAIR TECH” yagona axborot tizimi doirasida alohida yangi modul ishlab chiqildi. Endilikda integratsiyalashgan mazkur tizim orqali murojaatlar onlayn tarzda qabul qilinib, tezkorlik bilan ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, mazkur yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan xabarlar bo‘yicha tekshirishlar o‘tkazilganda 1272 ta dorixonaning, shundan 418 tasi ulgurji va 854 tasi esa chakana dorixonalarda huquqbuzarlik holatlari yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi. O‘rganishlar natijasida 264 259 ta holatda fuqarolardan 11,6 mlrd. so‘m miqdorida asossiz daromad olinganligi aniqlandi. Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan yuqorida keltirilgan barcha sohalarda hisoblangan assosiz qarzdorlik va ortiqcha olingan pul mablag‘larini qaytarish choralari ko‘rildi.
Shuningdek, elektron tijorat yo‘nalishi bo‘yicha iste’molchilarning nomuayyan huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida ayrim elektron tijorat operatorlarining iste’molchilarga taqdim etayotgan ommaviy ofertalari o‘rganildi. Unda Uzum market 27 ta holatda, Zood mall 12 ta holatda, Elmakon. uz 3 ta holatda, Olcha.uz 32 ta holatda ommaviy ofertalari amaldagi qonunchilik talablariga nomuvofiq ekanligi kuzatildi. Bundan tashqari, Openshop.uz (Openshop MChJ), Orzon.uz (“Massa Impex” MChJ), Glotr.uz (“Web media group” MChJ), Uzum tezkor (“Uzum tezkor” MChJ XK) hamda Dari.uz (“Podari shop” MChJ) elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi jamiyatlar saytlaridagi ma’lumotlar va ommaviy ofertalar davlat tilida emasligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda profilaktik ishlar amalga oshirilib, operatorlar tomonidan saytlar va ommaviy ofertalar davlat tilida ishlab chiqilib, mavjud talablarga muvofiqlashtirildi.
Qo‘mita mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ichki iste’mol bozorida sotilayotgan iste’molga yaroqsiz, sifati talabga javob bermaydigan mahsulotlar sotilishinining oldini olish maqsadida nazorat xaridlarini ham amalga oshirib kelmoqda. O‘tgan hisobot yilida jami 560 nomdagi oziq-ovqat mahsuloti hamda maishiy texnika jihozlarining nazorat xaridi amalga oshirilib, ularni ekspertizadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, 111 nomdagi mahsulot normativtexnik hujjatlar talablariga javob bermasligi aniqlangan. Nazorat xaridi natijasida sifatsizligi aniqlangan 9 mlrd 906 mln so‘mlik mahsulotlarning iste’molchilarga sotilishi oldi olindi va qayta ishlashga yuborildi hamda iste’molchilarga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash choralari ko‘rildi. Qo‘mita tomonidan qonunchilik buzilishi yuzasidan jami 735 ta ish qo‘zg‘atilgan. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish maqsadida 10 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan hamda boshqa vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan 44 ta hujjat loyihasi bo‘yicha xulosa berilgan.