Qo‘mita tomonidan 2024-yil davomida qilingan ishlar va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-108-son farmoni bilan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi, faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari qabul qilindi.

Asosiy vazifalar sifatida raqobatni ta’minlash, tovar-xomashyo birjalari faoliyatini tartibga solish, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda mazkur sohalarda qonunchilikka rioya etish ustidan nazoratni amalga oshirish belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, 2023-yil 3-iyulda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi va Qo‘mitaga bir qancha vakolatlar berildi.

Qo‘mita tomonidan 2024-yil (yanvar-mart) davomida:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-37-sonli Farmoni qabul qilindi va Qo‘mitaga bir qancha vazifalar yuklatildi. Jumladan, 56-maqsad doirasida Raqobat va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligiga oid ishlarni tezkor ko‘rib chiqish va zudlik bilan qaror qabul qilish bo‘yicha raqamlashtirish choralari ko‘rish belgilandi va tegishli ishlar amalga oshirilmoqda;

– Qo‘mita tomonidan 2023-yil tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida yuqori turuvchi tashkilotlarga hisobotlar taqdim etildi;

– Qo‘mitaning 2024-yil 1-yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejalari ishlab chiqildi va tasdiqlandi;

– Qo‘mita rahbariyati hamda hududiy boshqarmalar faoliyatini baholash bo‘yicha KPI ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi hamda Ozbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi “Iqtisodiyot, sanoat, moliya-bank, soliq, davlat aktivlari, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish sohalaridagi vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari faoliyatining 2024-yil uchun eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) tasdiqlash to‘g‘risida”gi 179/31-sonli Qarori qabul qilindi;

– sohaga oid bo‘lgan 5 ta normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi;

– kelib tushgan 725 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari raqobat qonunchiligi doirasida  baholandi va tegishli xulosalar berildi;

– davlat xaridlarida raqobat qonunchiligi ta’minlanganligi yuzasidan
3 782 ta xaridlar o‘rganildi hamda qonun buzilish holatlari bo‘yicha tegishli tartibda choralar ko’rildi;

– 47 ta yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar tovar xom-ashyo birjalariga qo‘yilishi bo‘yicha doimiy monitoring olib borilmoqda;

– 286 729 ta iste’molchilar huquqlari tiklandi hamda iste’molchilar foydasiga 12 137,6 mln.so‘m qayta hisob-kitob qilindi;

– aholi va tadbirkorlarning iste’mol madaniyati hamda huquqiy bilimini oshirish bo‘yicha 200 ga yaqin tadbirlar tashkil etildi.

Qo‘mita tomonidan o‘ziga yuklatilgan vazifalar hamda tegishli vakolatlarni amalga oshirish uchun 2024-yil davomida bir qancha maqsadli ko‘rsatkichlar rejalashtirilgan. Jumladan:

  1. Vazirlik, idoralar hamda hokimliklar tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari raqobat qonunchiligiga muvofiqligi yuzasidan baholab boriladi, shuningdek, ular tomonidan qabul qilingan hujjatlarni o‘rganib boorish maqsadida har oyda joyiga chiqqan holda viloyat va vazirliklarda o‘rganishlar o‘tkaziladi.
  2. Davlat xaridlari doirasida elektron tender va tanlov savdolarida raqobat qonunchiligi talablarini ta’minlanganligi yuzasidan nazorat mexanizmlari raqamlashtiriladi hamda 20 mingdan ortiq tender va tanlov savdolari o‘rganiladi.
  3. 8 ta faoliyat turi bo‘yicha mavjud ekslyuziv huquqlarni bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
  4. Mahsulotlar sifatini o‘rganish va iste’molchilarni himoyalanganligi darajasini aniqlash maqsadida 300 dan ortiq nazorat xaridlari amalga oshiriladi.
  5. 12 000 ta tashqi reklama obyektlari monitoring qilinadi.

Shu bilan birgalikda, iste’molchilarga yanada qulayliklarni yaratish maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi faoliyatidagi yagona axborot tizimi doirasida qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartiblari to‘liq raqamlashtiriladi.

Qolaversa, doimiy tarzda viloyatlarda jismoniy va yuridik shaxslar bilan ochiq muloqot tashkil etish, jamoatchilik murojaatlarini qabul qilib OAVda yoritish rejalashtirilgan.