Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga «PERFECT CANDY» (O’zbekiston) kompaniyasi tomonidan «Usta Xasan Qandolatchi» korxonasi faoliyati ustidan shikoyat arizasi kelib tushdi.
O’rganishlar natijasida, «PERFECT CANDY» MCHJ shirinliklar ishlab chiqaruvchi korxona bo’lib, «ZEBRA» savdo belgisining haqiqiy egasi hisoblanadi. Shuningdek, «ZERDA» qadoqlari «ZEBRA» savdo belgisi ostidagi shirinlik qadoqlari bilan nafaqat ko’rinishi, balki talaffuzda ham o’xshashligi bilan iste’molchilarni adashtirishi mumkinligi aniqlangan.
Bundan tashqari, «PERFECT CANDY»ning «MUSAFFO ZEBRA» savdo belgisi bir nechta elementlarni o’z ichiga olgan mahsulot sifatida «ZEBRA» nomi bilan ro’yxatdan o’tgan. Bu esa, bozorda o’xshash nomli mahsulotlar mavjudligi, iste’molchilarni mahsulot sotib olishda adashtirishi mumkin.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Maxsus komissiyasi yig’ilishida mazkur ish ko’rib chiqildi hamda «ZERDA» shirinliklarining savdosi, nohalol raqobat ekanligi tan olindi.
Ushbu holat yuzasidan qoidabuzarlikka yo’l qo’ygan tarafga nisbatan «ZERDA» shirinliklar savdosi bilan shug’ullanish va uni ishlab chiqarish holatlarini to’xtatish, bir oy muddat ichida barcha omborlardagi qutilar va boshqa o’xshash qadoqlarni yo’q qilish bo’yicha ko’rsatma berildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati