Ohangaron tumani, Ilg’or mahallasida yashovchi fuqaroning yo’l kira tariflari oshganligidan norozi bo’lib hududiy boshqarmaga qilgan murojaati belgilangan tartibda “Ilg’or” MFY va Toshkent viloyati Transport boshqarmasi bilan birgalikda o’rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, 2014 yil noyabr` oyida Toshkent viloyati hokimligining Yo’lovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti bilan kelishilgan holda “Angren uyut servis” MCHJ tomonidan tasdiqlangan VX-350 y.t. sonli “Angren dehqon bozori – Sergo mahallasi” shahar atrofi yo’nalishli taksi yo’nalishi yo’l haqi tarifi va yo’l kira haqi jadvalida boshlang’ich va oxirgi bekatlar orasidagi masofa 23,5 km belgilangan bo’lib, viloyat Transport boshqarmasi tomonidan 2019 yil 4 oktyabrda tasdiqlangan yo’l kira haqi jadvalida 23,5 km masofa uchun yo’l kira haqi 3200 so’m tasdiqlangan.
Hududiy boshqarmaning murojaati asosida viloyat Transport boshqarmasi tomonidan “Angren dehqon bozori” bekatidan “Ilg’or” (Sergo) mahallasigacha bo’lgan masofa qayta o’lchab chiqilganida haqiqatdagi masofa 16,5 km ekanligi aniqlandi va qayta hisob-kilinib qilinib, 2019 yil 21 noyabr` kuni VX-350 y.t.- sonli “Ilg’or MFY (Sergo) – Angren dehqon bozori” yo’nalishida yangi tariflar tasdiqlandi. Unga ko’ra boshlang’ich bekatdan oxirgi bekatgacha bo’lgan masofa uchun yo’l kira haqi 2200 so’mni tashkil qiladi. Ya’ni yo’l kira tarifi 3200 so’mdan 2200 so’mga pasaytirildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati