Qo’mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga Navoiy shahridagi “Nurota Zamini” MCHJ yozma murojaat qilib, korxonaning avtomobillarga gaz to’ldirish kompressor stantsiyasiga “O’ztransgaz”AJ Navoiy viloyati bo’yicha gaz ta’minoti hududiy filiali tomonidan bo’linish chegarasida o’rnatilgan hisobga olish priborining Davlat standarti talablariga javob berishiga qaramasdan, hisobga olish pribori ko’rsatkichlaridan tashqari, korxona tomonidan sarflanmagan tabiiy gaz hajmlari uchun qo’shimcha to’lovlar hisoblanayotganligi masalasini qonuniy ko’rib chiqilishida amaliy yordam berilishi so’ralgan.Murojaat yuzasidan olib borilgan o’rganishlarda “Nurota Zamini” MCHJ bilan “O’ztransgaz”AJ Navoiy viloyati bo’yicha gaz ta’minoti xududiy filiali o’rtasida 2019 yil 3 yanvarda shartnoma tuzilgan. “O’ztransgaz” AJning 2015 yil 22 sentyabrdagi “Sanoat kollektorlari orqali ulgurji iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi 654-son buyrug’iga asosan 6-sonli kelishuv shartnomasi tuzilgan. Unga ko’ra “O’ztransgaz” AJ Navoiy viloyati bo’yicha gaz ta’minoti xududiy filiali tomonidan “Navoiy-1prom” gaz taqsimlash shahobchasi (GTSH) orqali sanoat tarmog’idan foydalanuvchi ulgurji iste’molchilarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz hajmlari o’rtasidagi tafovutlar aniqlanib, uning tegishli qismi “Nurota Zamini” MCHJning sarflangan tabiiy hajmlariga asossiz qo’shilganligi ma’lum bo’ldi.
Natijada, gaz ta’minoti korxonasi tomonidan “Nurota Zamini” MCHJga 2019 yil davomida 129 877 m3 iste’mol qilinmagan tabiiy gaz uchun 116 926,6 ming so’m asossiz hisoblangan. Mazkur masala bo’yicha hududiy boshqarma tomonidan murojaatchiga amaliy yordam ko’rsatildi, hattoki ish Karmana tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ko’rib chiqilib — “O’ztransgaz”AJ Navoiy viloyati bo’yicha gaz ta’minoti hududiy filialidan “Nurota Zamini” MCHJ foydasiga 116 926,6 ming so’m undirish bo’yicha tegishli hal qiluv qarori qabul qilindi. Hal qiluv qaror belgilangan tartibda ijroga qaratilgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati