O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali kelib tushgan Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog’iston Respublikasi Mo’ynoq tumanida artemiya sistasini ovlash va qayta ishlashni samarali tashkil va yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori loyihasi yuzasidan qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash bo’yicha xulosa taqdim etildi.
Mazkur qaror loyihasida Mo’ynoq tumani hokimligi huzurida “Orol artemiya sanoat” davlat unitar korxonasini tashkil etish va Orol dengizining O’zbekiston Respublikasiga tegishli barcha qismini artemiya sistasini ovlash va qayta ishlash tarmog’ini rivojlantirish uchun 2020 yil 1 apreldan boshlab belgilangan tartibda “Orol artemiya sanoat” DUKga doimiy alohida foydalanish uchun o’tkazish nazarda tutilgan.
Vaholanki, bugungi kunda Mo’ynoq tumanida artemiya sistalarini ovlash, quritish, qayta ishlangan mahsulotni eskporti bilan 23 ta sub’ektlar shug’ullanib kelmoqda.
Iqtisodiyotda davlatning ishtirokini kamaytirish, raqobat mavjud sohalarda davlat unitar korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish yuzasidan olib borilayotgan islohotlardan kelib chiqqan holda Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan:
birinchidan, mazkur bozorda (artemiya sistasi yetishtirish va sotish) davlat unitar korxonasini tashkil etish maqsadga muvofiq emasligi;
ikkinchidan, Orol dengizining O’zbekiston Respublikasiga tegishli barcha qismini artemiya sistasini ovlash va qayta ishlash tarmog’ini rivojlantirish uchun barcha tadbirkorlik sub’ektlariga teng sharoitlar yaratish;
shu soha bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini kengaytirish uchun ko’maklashish;
artemiya sistasi yetishtiruvchi tadbirkorlik sub’ektlariga kvotalar ajratishda xom ashyoni chuqur qayta ishlashni tashkil etish talabini belgilash yuzasidan xulosa taqdim etildi.
Qo’mita xulosasini ushbu havola orqali ko’rish mumkin: ID-18754
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati