Joriy yilning 15 yanvar` kuni O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi raisi hamda Qo’mita huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi rahbariyati halqaro va xorijiy tashkilotlar vakillarini qabul qildilar.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi raisi Najmiddinxo’ja Sharipov va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi rahbariyatining dastlabki uchrashuvi Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International) Prezidenti doktor Marimutu Nadason bilan bo’lib o’tdi.
Consumers International – xalqaro tashkilot hisoblanib, dunyo bo’ylab 120 mamlakatda joylashgan 250 dan ortiq tashkilot va iste’molchilar guruhlarini o’z ichiga oladi.
Tomonlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasining hozirgi holati to’g’risida fikr almashdilar va xalqaro ilg’or tajribalarni joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, Qirg’iziston Respublikasi hukumati huzuridagi Monopoliyaga qarshi tartibga solish davlat agentligi direktori Shuxrat Sobirov, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) vakillari Oleg Prusakov va Marina Kochneva hamda Xalqaro iste’molchilar Konfederatsiyasi kengashi (KonfOP) raisi Dmitriy Yanin bilan ham uchrashuvlar bo’lib o’tdi.
Yuqoridagi tashkilotlar vakillari Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligini alohida davlat organi sifatida tashkil etilganini qo’llab-quvvatlashlarini hamda Agentlik faoliyatini yanada rivojlantirishda va kelgusida hamkorlik qilishda amaliy yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Bundan tashqari, “Rospotrebnadzor” vakillari to’g’ridan-to’g’ri hamkorlik qilishga alohida qiziqish bildirib, O’zbekistonning Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi MDH bitimiga qo’shilishi tarafdori ekanliklarini ma’lum qildilar.
Davra suhbati doirasidagi yakuniy uchrashuv Koreya iste’molchilar agentligi vakillari bilan bo’lib o’tdi, suhbat davomida Koreya tashkiloti bilan 2014 yilda Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi (Davlat raqobat ko’mitasi) iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik bitimini tuzilganligi ta’kidlandi hamda ushbu bitimni endilikda o’zaro Agentliklar o’rtasida yangilangan shaklda tuzish masalalari o’rganildi.
Uchrashuv yakunida hamkasblar Agentliklar o’rtasida elektron tijorat, tibbiyot, turizm sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo’nalishlari va tadqiqot laboratoriyalarida mahsulotlarni sinovdan o’tkazish borasida tajriba va ma’lumot almashinuvi uchun aloqalarni o’rnatish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligining axborot xizmati
http://consumer.uz/