Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi rahbariyatining Xorazm viloyatida o’tkazilgan sayyor qabulida bir guruh tadbirkorlar tomonidan uzoq muddat davomida hal qilinmay kelayotgan muammoli masala bo’yicha murojaat qilindi.
Jumladan, Urganch tuman hokimligi tomonidan 2018 yildagi qarori bilan “Obod mahalla” dasturi asosida Urganch tumani G’alaba qishlog’i Qumravot mahallasi hududidan jami 13 ta fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlariga jami 0,5 ga yer ajratib berilgan.
Ushbu qarorga asosan fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tasdiqlangan loyihalar asosida qurilish ishlari boshlangan va aksariyat ob’ektlar esa qurib bitkazilgan. Hududda yoshlar mehnat guzari, 75 o’rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, ikkita xususiy klinikalar, hammom, go’zallik saloni, tikuvchilik sexi, mebel ishlab chiqarish, etikdo’zlik va hunarmandchilik ustaxonalari, savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shahobchalari tashkil qilish uchun tadbirkorlar tomonidan jami 6 mlrd so’m mablag’lar sarf qilingan.
Biroq, tuman hokimining yer ajratish to’g’risidagi qabul qilgan qarorlari viloyat hokimi qarori bilan ma’qullanmaganligi oqibatida qurilgan ob’ektlar uchun tadbirkorlarga egalik xuquqi berilmagan va bu ish faoliyatini boshlashlariga yoki qurilish va jihozlash ishlarini davom ettirishga to’siq bo’lib qolgan.
Mazkur tizimli muammo joyiga borgan holda o’rganib chiqildi va ob’ektlarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib, mazkur yer maydonlarining iqtisodiy samarasi haqida suhbatlashildi.
Qayd etilgan ob’ektlarni ishga tushirish orqali jami 12 mlrd so’mdan ortiq investitsiyalar (shundan 1 mlrd so’mdan ortiq bank krediti) jalb qilinishi va aholining 130 nafardan ortig’i doimiy ish o’rinlari bilan band etilishi ma’lum bo’ldi.
O’rganish natijalari bo’yicha mazkur muammoli masalani Hukumat darajasiga ko’tarildi va o’rnatilgan tartibda hal etish yuzasidan Xorazm viloyati hokimligiga 2020 yilning 1 iyuliga qadar muddat berildi.
Lekin, ushbu muddatda ham masala hal etilmaganligi sababli Qo’mita tomonidan Xorazm viloyati hokimligiga nisbatan “Raqobat to’g’risida”gi Qonunning 12-moddasi talablari buzilishi bo’yicha ish qo’zg’atildi.
Ushbu choradan so’ng Xorazm viloyat hokimligi Urganch tumani G’alaba qishlog’i Qumravot mahallasi hududidan jami 13 ta fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlariga tuman hokimining yer ajratish to’g’risidagi qarorini tasdiqlab berdi. Natijada, ushbu hududda ish faoliyatini boshlay olmayotgan 13 ta fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlariga qurilish ishlarini yakunlash va faoliyatini yo’lga qo’yishlari uchun sharoit yaratildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati