O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan tadbirkorlarning tabiiy monopoliya sub’ektlari xizmatlari yuzasidan qilgan murojaatlari doimiy ravishda o’rganib borilmoqda.
Xususan, Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan “O`zmetallsavdo” AJning murojaati, Qo’mitaga kelib tushayotgan murojaatlardan biri hisoblanadi.
“O`zmetallsavdo” AJ Qo’mitaga murojaat qilib, “Toshkent mintaqaviy temir yo’l uzeli” UK tomonidan xususiy temir yo’l tarmoqlarida vagonlarning turib qolganligi uchun qo’shimcha to’lov undirilishidan norozi bo’lib, mazkur masalada amaliy yordam so’ragan.
Aytib o’tish joiz-ki, temir yo’l transporti xizmatlaridan foydalanish chog’ida temir yo’l transporti korxonalari bilan yuk jo’natuvchilar, yukni oluvchilar, yo’lovchilar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar o’rtasidagi munosabatlar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 23 oktyabrdagi 232-sonli qarori bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasi Temir yo’l ustaviga muvofiq tartibga solinadi.
Xususan, mazkur Temir yo’l ustavining 132-bandiga muvofiq, yukni ortish, tushirish yoki qayta yuklash uchun yetkazib berilgan vagonlarning belgilangan muddatlardan ortiqcha kechiktirganlik uchun yuk jo’natuvchi yoki yukni oluvchidan jarimalar undirilishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu Ustavning 43-bandida temir yo’l transporti korxonasi, yuklar, yo’lovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish bilan bog’liq qo’shimcha ishlar va xizmatlar miqdorlari uchun shartnoma asosida haq olish huquqiga ega hisoblanadi.
Shulardan kelib chiqib, “Toshkent mintaqaviy temir yo’l uzeli” UK va “O`zmetallsavdo” AJ o’rtasida temir yo’l shaxobcha yo’llaridan foydalanish bo’yicha shartnoma imzolangan bo’lib, unga ko’ra agar yukni oluvchi va yuk jo’natuvchi temir yo’l shaxobchasi mulkdori hisoblansa, unga nisbatan vagonlarning turib qolganligi uchun qo’shimcha to’lov undirilmasligi ko’zda tutilgan.
O’rganish jarayonida, boshqa tadbirkorlar ham o’z yuklarini temir yo’l vagonlari orqali olishda “O`zmetallsavdo” AJning temir yo’l shaxobchasidan foydalanishi, va bunda vagonlarning turib qolishi aynan boshqa tadbirkorlarga yuklarni yetkazib berishda vujudga kelishi ma’lum bo’ldi.
Eng qizig’i, “O`zmetallsavdo” AJ va uning temir yo’l shaxobchasidan foydalanayotgan boshqa tadbirkorlar umumiy ta’sischilarga ega ekanligi ma’lum bo’ldi.
Bu esa albatta vagonlarning turib qolishi uchun to’lovlarni undirilmasligi lozimligini bildiradi.
“O’zbekiston temir yo’llari” AJ bilan birgalikda olib borilgan ishlar natijasida, tomonlar o’rtasida tuzilgan shartnomaga o’zgartirish kiritilishi hamda vagonlarning hususiy temir yo’l tarmoqlarida turib qolganligi uchun umumiy ta’sischilarga ega bo’lgan “O`zmetallsavdo” AJ va boshqa tadbirkorlardan qo’shimcha to’lov undirilmasligiga erishildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati