Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari, telegram kanallari va tashqi reklama vositalarida xususiy sayyohlik firmalari hamda turagentliklar tomonidan “Umra” ziyoratlari bilan bog‘liq joylashtirilayotgan reklama axborotlari keskin faollashgan, ayniqsa internet va ijtimoiy tarmoqlarda bunday reklamalar ko‘plab uchramoqda.
Turli shakllarda berilayotgan mazkur reklamalarda, avvalo ko‘rsatiladigan xizmatlar, uchish, ziyorat kunlari, narxi va taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar hamda turoperatorlarning telefon raqamlari haqida ma’lumot beriladi.
Biroq, “Umra” tadbirlarini litsenziyaga ega bo‘lmagan holda faoliyat yuritayotgan hamda litsenziyasi bor mahalliy turoperatorlar bilan hamkorlikda fuqarolarni ziyoratga yuborishga harakat qilayotgan vositachilar ham afsuski uchrab turadi. Ushbu xizmatlarni ko‘rsatish maqsadida o‘z nomlaridan noqonuniy reklamalar joylashtirib bormoqdalar.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan aynan turoperatorlarning reklama faoliyati yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Murojaat tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar davomida bugunga qadar mazkur hududda bunday xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq turistik faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha litsenziyaga ega turoperatorlar mavjud emasligi, ular Toshkent shahri va viloyat turkompaniyalari bilan hamkorlikda ziyoratlarni tashkil etishda ishtirok etayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, murojaatda bildirilgan “ISKANDER TOURS” hamda “OKS TOURS” MСhJlar litsenziyasi mavjud emasligi, shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda “Umra” xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan noqonuniy reklamalar joylashtirib borayotganligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunda taqiqlangan tovarlarni, shuningdek, ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi deb belgilangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan 2024 yil 1 fevral kuni Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan “ISKANDER TOURS” hamda “OKS TOURS” MChJlariga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib , tegishli tartibda javobgarlik belgilash yuzasidan qaror qabul qildi. Shuningdek, Jamiyatlarga ushbu holatni bartaraf etib,kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilish lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘z vakolati doirasida noqonuniy reklamalarning oldini olish maqsadida muntazam ravishda reklamalar nazoratini olib bormoqda.
Hurmatli fuqarolar! “Umra” ziyoratiga borishdan avval birinchi navbatda, xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning litsenziyasi bilan tanishing, so‘ng reklamada berilgan ma’lumotlarga jiddiy e’tibor berib, ishonch hosil qiling. Noqonuniy reklamalarga duch kelib, bu borada huquqlaringiz buzilgan taqdirda Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoniga murojaat qiling.