Raqobat qo‘mitasi farmatsevtika sohasida ulgurji distributsiya bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni ogohlantiradi
Respublikamizga joriy yilning 9 oyi davomida 305 ta korxonalar tomonidan dori vositalari import qilingan bo‘lib, shundan 47,2 foizi 5 ta importyor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2026 yil-1-oktyabr holatiga 2023 yilga nisbatan chakana dorixonalar birlashishi yoki yopilishi natijasida 8 foizga qisqargan filiallar soni esa 33,8 foizga ko‘paygan.
Ma’lumot uchun:
2023-yilda jami 13 744 ta dorixona mavjud bo‘lgan:
➡️Ulgurji dorixonalar — 521 ta;
➡️Chakana dorixonalar — 13 223 ta, shundan:
➡️Asosiy dorixonalar — 8 584 ta;
➡️Filiallar — 4 639 ta.
2024-yilda dorixonalar soni 5,6 foizga kamayib, 13 010 tani tashkil etgan:
➡️Ulgurji dorixonalar — 466 ta;
➡️Chakana dorixonalar — 12 544 ta, shundan:
➡️Asosiy dorixonalar — 8 416 ta;
➡️Filiallar — 4 128 ta.
2026-yil-1-oktyabr holatiga jami 14 598 ta dorixona mavjud bo‘lgan:
➡️Ulgurji dorixonalar — 449 ta;
➡️Chakana dorixonalar — 14 149 ta, shundan:
➡️Asosiy dorixonalar — 7 940 ta;
➡️Filiallar — 6 209 ta.
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim importyorlar va ulgurji distribyutorlar tomonidan talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini xarid qilishda boshqa preparatlarni ham majburiy tarzda qo‘shib sotish holatlari yuzasidan shikoyatlar ko‘paymoqda.
Bunday holatlar kichik tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi, ularning faoliyatini cheklashi va bozordagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, Qo‘mita tomonidan dori vositalarining ulgurji savdosida raqobatga zid shartlar qo‘yilishi bilan bog‘liq holatlar o‘rganilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasiga asosan, ustun muzokara kuchi deb quyidagi holat e’tirof etiladi:
Ustun mavqega ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tomonidan:
🟣Bitim shartlarini;
🟣Tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni;
🟣Narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi.
Shuningdek, Qonunning 18-moddasiga ko‘ra, quyidagi holatlar ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish hisoblanadi:
🔘Kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash — tovarni realizatsiya qilishda yoki olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash;
🔘Tovarlar muomalasi hajmini qisqartirish — tovar yoki moliya bozorida taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida narxlarning oshishiga va (yoki) iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib keladigan tarzda tovarlar muomalasi hajmini qisqartirish;
🔘Shartnoma tuzishda qo‘shimcha shartlar belgilash — shartnoma tuzishga faqat kontragent tomonidan boshqa tovarni olish yoki realizatsiya qilish yoxud kontragentning tovarni o‘zga xo‘jalik yurituvchi subyektlardan olishdan yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga realizatsiya qilishdan o‘zini tiyishi shartini belgilash.
Shu bilan birga, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, jumladan, raqobatchilar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni xarid qilish yoki realizatsiya qilishni taqiqlash yoxud cheklash holatlari uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.
Bunda sanksiya miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan davrda, biroq oxirgi-3-yildan ortiq bo‘lmagan muddatda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum summasining 5 foizini tashkil etadi.
Ayni paytda, Raqobat qo‘mitasi tomonidan dori vositalarining ulgurji savdosida raqobatga zid shartlar qo‘yilishi bilan bog‘liq holatlar o‘rganilmoqda.
Xususan, talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini xarid qilishda boshqa buyurtma berilmagan preparatlar yoki tovarlarni ham majburiy sotib olish sharti qo‘yilgani aniqlansa va ushbu harakatlar raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi deb topilsa, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkin.








