#Qonunchilikdagi_yangiliklar
Fyuchers shartnomalari bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi: tadbirkorlar manfaatlari himoya qilinadi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan mahalliy tadbirkorlarning xalqaro tovar birjalarida fyuchers shartnomalari asosida savdo qilishi va ularning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yangi tartib tasdiqlandi.
Muhimi, mazkur masala xalqaro hamkorlik doirasida AQSH Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) bilan imzolangan “Hamkorlik yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlardan biri hisoblanadi.
Yuqoridagilar asosida sohada aniq huquqiy tartib belgilandi.
Fyuchers shartnomasi nima?
Bu — tovarni (bazaviy aktivni) kelajakda joriy bozor narxlarida sotish yoki sotib olish bo‘yicha xalqaro tovar derivativlari savdolariga qo‘yiladigan kontrakt.
Yangi tartib tadbirkorlarga qanday imkoniyatlar beradi?
➡️xalqaro tovar birjalarida elektron tizim orqali fyuchers shartnomalarini tuzish;
➡️narxlar o‘zgarishi bilan bog‘liq moliyaviy xavflarni boshqarish;
➡️vositachilar tomonidan mijozlar mablag‘larining alohida hisobini yuritish;
➡️xizmat tariflari va savdo operatsiyalari bo‘yicha ochiq ma’lumot hamda hisobotlar olish.
❗️E’tiborli jihati: ushbu fyuchers shartnomalari doirasida tovarlarni jismoniy yetkazib berish nazarda tutilmaydi. Tadbirkorlar savdolarda o‘z hisobidan ishtirok etadi va moliyaviy tavakkalchiliklarni mustaqil boshqaradi.
Yangi tartib mahalliy tadbirkorlarning xalqaro birjalarda ishtirok etishi uchun huquqiy asos yaratib, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: ushbu tartib, mazkur Nizom rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.








