Ushbu lizing kompaniyasining nomini o’zigina insonda umid uchqunini paydo qiladi. Qarang “Umid Savdo Fayz Invest”, ya’ni biz yaxshi umid bilan boshlagan ishimizga fayzli savdo xamroh bo’ladi!
Qoraqalpog’iston Respublikasi, Shumanay tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Kenjaboy Ataniyazov ham xuddi shunday yaxshi niyatlar bilan 2018 yil 2 noyabrda “Umid Savdo Fayz Invest” MCHJ (Toshkent sh., Shayxontoxur tumani, Eshon Boboxon ko’chasi, 11-uy) bilan “Kobal`t” (2-pozitsiya) rusumli avtomashinani xarid qilish to’g’risida shartnoma tuzdi. Unga ko’ra, fuqaro Kenjaboy Ataniyazov lizingning birlamchi to’lovi – 49 mln. 250 ming so’m to’lagan.
Shartnoma shartiga ko’ra, birlamchi to’lov to’langandan so’ng 120 kun mobaynida mashina o’z egasiga topshirilishi kerak edi. Biroq, 120 kun ham o’tdi, undan keyin yana behisob kunlar o’tdi, biroq mashinadan darak yo’q.
Tuzilgan shartnomaning 2.1.3. bandida iste’molchi o’z mablag’ini shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran 150 kun o’tgandan so’ng qaytarib olishi mumkin deyilgani sababli, fuqaro K. Ataniyazov 2019 yil 8 avgustda “Umid Savdo Fayz Invest” MCHJ ni Nukus filialiga shartnomani bekor qilish va to’langan pulni qaytarish to’g’risida ariza bilan murojaat qilgan. Shartnoma shartiga ko’ra, pul arizachining hisob raqamiga ariza berilgan vaqtdan e’tiboran 40 kun mobaynida tushishi kerak.
Mana endi xikoyaning eng “qiziq” joyi boshlanadi. 40 kundan keyin xam, undan keyingi kunlarda ham jamiyat iste’molchining pulini qaytarmadi, uning bir necha bor qilgan murojaatlar, shu jumladan lizing kompaniyasi raxbari Umid Pattoxovga qilingan murojaatlar javobsiz qoldi – mana sizga fayzli savdoga bo’lgan umid!
Keti ko’rinmagan qog’ozbozlikdan asablari charchagan K. Ataniyazov 2019 yil 19 dekabrda Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqini himoya qilish agentligiga murojaat qildi. Agentlik
mutaxassislari tomonidan ushbu murojaat jiddiy o’rganib chiqildi va lizing kompaniyasiga shartnoma shartlarini bajarish ya’ni iste’molchi tomonidan to’langan pul mablag’ini qaytarish to’g’risida xat yuborildi. Bugungi kunga kelib, iste’molchining qonuniy huquqi tiklandi, shartnoma bo’yicha to’langan summa to’liq qaytarilishiga erishildi.
O’z navbatida O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi va Iste’molchilar huquqini himoya qilish agentligi yana bir bor eslatadi:
“Hurmatli iste’molchilar! Shartnoma yoki kontraktga imzo qo’yishingizdan avval shartnomaning har bir satrini, ayniqsa kichik xarflar bilan yozilgan satrlarini diqqat bilan o’qib chiqing. Agarda shartnomaning alohida olingan
shartlari sizga tushunarsiz bo’lsa, u holda albatta xuquqshunos bilan maslahatlashing, bu bilan siz huquqingizni poymol bo’lishini oldini olgan bo’lasiz. Ogoh bo’ling!”
O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi va Iste’molchilar huquqini ximoya qilish agentligi sizning buzilgan huquqingizni himoya qilishga tayyor!
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati
Manzil: Labzak ko’chasi, 3, Toshkent 100128
Tel: 71 207 47 00, 71 207 48 00
Sayt: antimon.gov,uz
Ijtimoiy tarmoq: https://www.facebook.com/AntimonUz/
https://t.me/AntimonUz