Eslatib o’tamiz, joriy yil 15 yanvar kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligiga Yashnaobod tumani, Tuzel mavzesi, 1-dahasida istiqomat qilayotgan Rizalina Berdnikova tomonidan, elektr energiyasida kuchlanish ko’payib ketishi natijasida bir nechta xonadonlarda maishiy texnika kuyganligi haqida murojaat kelib tushgan.
Murojaatni o’rganish natijasida, mazkur holatga Yashnaobod tumani “Hududelektrtarmoqlari” AJ balansida bo’lgan transfarmatorning nosozligi sabab bo’lganligi aniqlandi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligining Toshkent shahar boshqarmasi mazkur vaziyatni o’rganishda O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi Qonunning 9-modda, 19-modda 4-qismi, 20-modda 1 va 2-qismlari hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asoslandi va o’rnatilgan tartibda Yashnaobod tumani “Hududelektrtarmoqlari” AJga nisbatan ish ochdi.
13 fevral kuni Qo’mita huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari, “Hududelektrtarmoqlari” AJ vakillari hamda murojaatchi R. Berdnikova ishtirokida ochilgan ish ko’rib chiqildi.
Unga ko’ra Agentlik “Hududelektrtarmoqlari” AJni bo’lib o’tgan ish oqibati keltirilgan zararni qoplab berishi kerakligi haqida Qaror qabul qildi. Shu bilan birga, aholiga yetkazilayotgan elektr energiyasidagi kamchiliklarni bartaraf etilishiga ko’rsatma berdi.
Qarorga ko’ra, yetkazilgan zarar summasi (4 594 000 so’m) iste’molchilarning maishiy texnikalarni ta’mirlashga berilgan va xizmat ko’rsatish markazlarining taqdim etgan cheklariga asosan hisoblandi.
Ushbu ko’rsatilgan summaga, “Hududelektrtarmoqlari” AJ tomonidan ish ko’rilib qaror chiqgunga qadar qoplangan zararlar va ta’mirlanganligi haqida cheki ko’rsatilinmagan mablag’lar kiritilmagan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati