XVIII asrda yashagan va liberal iqtisodiyot nazariyasining asoschisi hisoblangan Adam Smit shunday degan edi: “Bir kasb egalari kamdan-kam hollarda birga dam olishgan, hatto faqat oʻyin-kulgi uchun ham, zero ularning uchrashuvlari jamiyatga qarshi fitna yoki narxlarni oshirish uchun sabab boʻlishi mumkin”. Kelishuvda ishtirok etgan har bir taraf oʻz qarorini anglaydi, lekin, toʻgʻri yoʻldan harakatlanish uchun uning gʻarazligi va hasisligi halaqit qiladi. Ammo, iqtisodda bumerang qonunini hech kim bekor qilmagan. Zero halol raqobat orqali gʻalaba qozonish hamisha yoqimli boʻlgan.
Davlat xaridlari borasidagi munosabatlar 2018-yildan beri “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun bilan tartibga solingan. Hujjatda tanlov asnosidaga xaridlarda, tadbirkorlik subyektlariga halol raqobatni taʼminlash uchun aniq qilib konkurslarning maqsadi, vazifasi va barcha amalga oshiriladigan ishlarning tartibi yozib qoʻyilgan. Qonunda shunday boʻlsada, baʼzi bir buyurtmachilar qonun buzilish uchun chiqarilgan deb oʻylashadi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Savdolarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan ana shunday qonunbuzuvchilar muntazam aniqlanadi, ularning qingʻir ishlari tufayli baʼzilarga qonun ikkinchi darajaga tushib qolsa, baʼzilarga sogʻlom raqobat yoʻlida toʻsiqlar paydo qiladi.
MIRZOXID KAMILOV – Savdolarni nazorat qilish boshqarmasi boshligʻi
Tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun teng sharoitlarni yaratish, oshkoralikni taʼminlash va davlat xaridi tartib-taomillarini yana-da takomillashtirish maqsadida 2020-yilning 6-iyul sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqobat muhitini yana-da rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Mazku farmonga asosan Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari shu kabi qonun buzilish alomatlarini aniqlashadi va oʻrnatilgan tartibda ish olib borishadi. Agar aniqlangan qonunbuzilishlarini bir yerga jamlasa, “Monopoliya” oʻyinini oʻynasa boʻladi. Ushbu oʻyinni bolalar oʻynaganda unchalik alamli boʻlmasdi, aksincha agar bu oʻyinni kattalar oʻynasa ishtirokchilar mavjud qoidalarga amal qilmasdan sababsiz chetlashtirilib, natijada nosogʻlom muhit vujudga keladi.
“Asia new plast” MCHJi Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan. Oʻtgan yili maxsus elektron portalda Shumanay tuman Tibbiy Birlashmasining lotini koʻrganida, unda ishtirok etish uchun oʻz nomzodini koʻrsatadi. Buyurtma 870 kv.metrga jalyuzi oʻrnatish. Eʼtibor bering, boshlangʻich narx sifatida kv.metrga 450 ming soʻm belgilangan. Bu narxga Oʻzbekistonda jalyuzi topishning iloji yoʻq, hatto, boshlangʻich narx sifatida koʻrsatilganda ham. Lekin, lot oʻynaldi va natijada…
ULUGʻBEK BAYNIYAZOV – “Asia new plast” MCHJ vakili
- Tanlovga biz kv.metr uchun 61 ming soʻm miqdorida narx berdik. Bu boshlangʻich summadan 7-martta, gʻolib topilgan boshqa tashkilotning narxidan ham kam degani. Tender qaroridan norizo boʻlib biz tashkilotchilarga murojaat etdik, ular bizga tashkilotimiz chetlashtirilganini bunga sabab qilib esa, taqdim etilgan hujjatlarda qarzdorlik haqida soliqdan va bankdan esa aylanma pul hisobi maʼlumotlari yoʻqligini roʻkach qilishdi. Zero, lotda talab etilgan hujjatlarda bu haqda hech narsa deyilmagan edi. Xullas, monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga murojaat etdik.
ALISHER YUSUPOV – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi boʻlim boshligʻi
- Shumanay tuman Tibbiyot Birlashmasidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish jarayonida tenderda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida” va “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun buzilish alomatlari aniqlandi. Oʻrnatilgan tartibda biz davlat buyurtmachisiga tanlovda yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini tushuntirdik va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunning 55-moddasiga asosan, oʻtkazilgan savdolar Komissiya tomonidan bekor deb topildi. Oʻz navbatida Shumanay tumani Tibbiyot birlashmasi savdolarni yangitdan oʻtkazish haqida bizga xat orqali xabar berildi.
Yana bir qiziq voqeani “TURAN PROEKT SMETA” MCHJ loyihachisi Salamat Kdirov soʻzlab berdi. Bo’zotov tumani Xalq taʼlimi boshqarmasi oʻzining binolaridan biriga gaz oʻrnatish boʻyicha loyihani auksionga qoʻyadi. Lekin, auksionda gʻolib boʻlgan korxonaning xursandchiligi uzoqqa choʻzilmaydi. Zero auksion oʻtkazilishidan oldin mazkur loyihaning smetasi boshqa tadbirkorlik subyekti tomonidan tayyorlab boʻlingan boʻlib, gʻolib korxona bilan shartnoma tuzishni hech kim oʻylamagan edi. Mazkur murojaat ayni kunlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan oʻrganilmoqda.
MIRZOXID KAMILOV – Savdolarni nazorat qilish boshqarmasi boshligʻi
Oʻzining noyobligi bilan tender savdolarida uchraydigan holatlarni respublikamizning har bir viloyatidan topishingiz mumkin. Misol tariqasida, Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan koʻrib chiqilgan baʼzi ishlarni koʻrsatamiz: “Ichan-qaʼla” Davlat muzey qoʻriqxonasi, Yangibozor tumanidagi maktabgacha taʼlim boʻlimi, Shovot tumani 2-sonli bolalar va oʻsmirlar sport maktabi, Urgench olimpiya va milliy sport turlari maxsus internat maktabi. Sanab oʻtilganlar tomonidan oʻtkazilgan barcha tenderlar noqonuniy deb topilib bekor qilingan va qonunda belgilangandek qayta oʻtkazilishiga erishilgan.
ABDUGʻAFFOR SALIMOV – Xorazm viloyati hududiy boshqarma boshligʻi o’rinbosari
- Oʻtgan yil davomida boshqarmaga tashkilotchilar tomonidan noholis oʻtkazilgan tender savdolar haqida 15 murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarni oʻrganish jarayonida ular tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning 14-moddasining buzilish alomatlari aniqlangan. Aniqlangan noqonuniy harakatlar asnosida Boshqarma ish qoʻzgʻatgan va ularga tegishli koʻrsatmalar berilgan hamda maʼmuriy bayonnomalar tuzilgan.
Shuningdek, Qoʻshkoʻpir tumani Xalq taʼlimi boʻlimi va Xorazm viloyati “Xalq bank”i tomonidan oʻtkazilgan tender savdolari ham noqonuniy deb topilgan. Umuman olganda Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan davlat xaridlari bilan bogʻliq boʻlgan 476 ta savdolar oʻrganib chiqilgan va ulardan 225 tasida qonun buzilish alomatlari aniqlangan. Bu umumiy savdolarning 47 foizi degani. Shu kabi oʻrganishlar hozirgi kunda butun respublika boʻylab davom etmoqda.
Biz esa, oʻz navbatida huquqlari buzilgan tadbirkorlar Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga murojaat etishlari mumkinligini eslatib oʻtamiz.