Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tomonidan nazorat funksiyalarini amalga oshirilishi davomida tarkibida nikotin mavjud boʻlgan “LYFT” mahsulotining reklama qilinganligi aniqlangan.
Xususan, Toshkent shahar, Chilonzor tumani, I.Karimov va Furqat koʻchalari kesishuvidagi chorrahada joylashgan reklama monitorida, Yakkasaroy tumanidagi “Grand Mir” mehmonxonasi roʻparasidagi reklama monitorida, “Afrosiyob” tez yurar poyezdining xizmat aravasi yon tomonida, “Malibu” rusumli xizmat avtomobillarida hamda Toshkent shahrida harakatlanuvchi yon tomoniga reklama monitori oʻrnatilgan yuk mashinasida “LYFT” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilgan tarkibida nikotin boʻlgan mahsulotning reklamalari joylashtirilganligi oʻz tasdigʻini topgan.
Shuningdek, internet tarmogʻidagi www.golyft.uz rasmiy veb-saytida “Odatni oʻzgartirib boʻlmaydi deb kim aytdi?”, “Yangi hissiyotlarni qidiryapsanmi? LYFTni kashf et” degan yozuvlar bilan insonlarning mazkur mahsulotni isteʼmol qilishga qiziqishini uygʻotuvchi bir qator reklama maʼlumotlari joylashtirilganligi kuzatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining
6-moddasiga asosan, reklamada, qonun hujjatlarining buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan, fuqarolarning sogʻligʻi yoki hayotiga va atrof muhitga zarar yetkazuvchi yoxud zarar yetkazishi mumkin boʻlgan, shuningdek, xavfsizlik vositalariga eʼtiborsizlik tuygʻusini uygʻotuvchi harakatlarga daʼvat qilish taqiqlanadi.
Qonunning 13-moddasi asosan noaniqligi, ikki xil maʼnoni anglatishi, boʻrttirib yuborishi, yashirib ketishi oqibatida, reklamani tarqatish vaqti, joyi va usuliga nisbatan qoʻyilgan talablarni va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablarni buzishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalgʻituvchi yoki chalgʻitishi mumkin boʻlgan, shaxslarga, shuningdek davlatga zarar va maʼnaviy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan reklama notoʻgʻri (insofsiz, bilaturib yolgʻon) reklama hisoblanadi hamda notoʻgʻri reklama taqiqlanadi.
Qonunning 23-moddasi bilan tamaki, tamaki mahsulotlari va har qanday quvvatdagi alkogolli ichimliklar reklamasi, shu jumladan:
tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar namunalarini tekin tarqatish;
tamaki, tamaki mahsulotlari yoki alkogolli ichimliklarning nomi, tovar belgisi yoxud tasviridan foydalaniladigan tadbirlarga homiylik qilish;
tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning nomi, tovar belgisi tushirilgan tovarlarni (futbol maykalari, bosh kiyimlar, oʻyinlar va boshqa shu kabilarni) tarqatish, shu jumladan sotish;
savdo obyektlarining old tomonida, kirish (transportda kirish) joylarida, vitrinalarida, tashqariga olib chiqiladigan predmetlarida hamda boshqa joylarida tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning tasvirlari, nomlarini va ular haqidagi boshqa axborotni oʻrnatish taqiqlanadi.
“Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasida (asosiy tushunchalarda) tamaki mahsuloti – tamakidan yoki uning oʻrnini bosuvchi narsadan tayyorlangan har qanday mahsulot, deb koʻrsatilgan.
Shunga koʻra, vakolatli organ – Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik Agentligi tomonidan tarkibida nikotin mavjud boʻlgan “LYFT” savdo belgisi ostidagi mahsulot tamakining oʻrnini bosuvchi mahsulot turiga kirishi toʻgʻrisida xulosa berilgan.
Shuningdek, internet tarmogʻida “UZBAT A.O.” AJ QKga tegishli www.golyft.uz rasmiy veb-saytida “LYFT” savdo belgisi ostida mahsulot tarkibi skandinaviyalik qaragʻay va evkaliptning oʻsimlik tolalari, nikotin ekstrakti suv va aromatizatorlardan oʻsimlik (organik) moddalaridan tarkib topgan deb koʻrsatib oʻtilgan boʻlsada, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazi va “Oʻzbekekspertiza” AJning ekspertiza xulosasida “LYFT” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilgan mahsulot tarkibida nikotin, mentol, sellyuloza va aromatizatorlari mavjudligi, tamaki va boshqa kelib chiqishi oʻsimlik (organik) turkumiga mansub moddalar mavjud emasligi qayd etilgan. Yaʼni, reklamada tovarning tarkibi toʻgʻrisida notoʻgʻri maʼlumot berilgan.
Yuqoridagilarga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan reklama beruvchi “UZBAT A.O.” QK AJ va reklama tarqatuvchi YATT Abdullayev Asadjon Alisher oʻgʻliga nisbatan reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qoʻzgʻatildi.
Shu bilan birga, reklama beruvchi va buyurtmachi tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 13 va 23-moddalarini buzilganligi qayd etilib, “UZBAT A.O.” AJ QK va YATT Abdullayev Asadjon Alisher oʻgʻliga mazkur qonunbuzilish holatlarini tugatish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan koʻrsatma berildi.
Bundan tashqari, reklama qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik huquqbuzarligi boʻyicha maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ish hujjatlari koʻrib chiqish uchun Yunusobod va Yakkasaroy tumanlari maʼmuriy sudiga topshirildi.
Bugungi kunda, reklama tarqatuvchi “YATT Abdullayev Asadjon Alisher oʻgʻli” ishi Yakkasaroy tumani maʼmuriy sudi tomonidan koʻrib chiqildi va aybdorga nisbatan 1 mln. 115 ming soʻm miqdorida jarima toʻlash toʻgʻrisida sudning qarori qabul qilindi.
“UZBAT A.O.” AJ QK mansabdor shaxsiga nisbatan jarima qoʻllash boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish sudda koʻrib chiqilmoqda.