Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan tadbirkorlarning tabiiy monopoliya sub’ektlari xizmatlari yuzasidan qilgan murojaatlari doimiy ravishda o’rganib borilmoqda.
Toshkent viloyatida joylashgan “Bekobodsement” AJ Qo’mitaga murojaat etib, korxona tomonidan 2018 yil noyabr` va 2019 yil avgustda iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun amalga oshirilgan oldindan to’lovlari gaz ta’minoti korxonasi tomonidan yangi tariflar qo’llashda inobatga olinmayotganligi va ularga qilgan murojaatlari o’z yechimini topmaganligi sababli, noto’g’ri qo’llanilgan tarif hisobiga undirilgan mablag’larni qayta hisob-kitob qilinishida amaliy
yordam berishni so’ragan.
Tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga asosan tariflar o’zgarganda iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun iste’molchi tabiiy gazning avans tariqasida to’langan hajmi uchun to’lov kunidan boshlab ko’pi bilan keyingi 1 oy qo’shimcha to’lov to’lashdan ozod qilinishi belgilangan (1221-band).
Qo’mita murojaat yuzasidan o’rganishlar o’tkazib, unda “O’ztransgaz” AJ tomonidan yuqoridagi tartib talablariga zid ravishda “Bekobodsement” AJning gaz uchun oldindan to’langan mablag’larini inobatga olmasdan yangi tarif qo’llab jami 1 336,6 mln. so’mlik asossiz daromad olganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan, Qo’mitaning maxsus komissiyasi “O’ztransgaz” AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo’zg’atib tegishli ko’rsatma berdi va unga ko’ra “O’ztransgaz” AJ tomonidan “Bekobodsement” AJ foydasiga 1 336,6 mln. so’mlik mablag’larni kelgusida sarflanadigan tabiiy gaz hajmlari uchun oldindan to’lov sifatida qayta hisob-kitob qilindi hamda tadbirkorning manfaati himoya qilindi.
Hurmatli, Iste’molchilar, shu kabi holatlarga duch kelsangiz Qo’mitaga murojaat etishingiz mumkinligini, murojaatlaringiz belgilangan tartibda ko’rib chiqilishi va amaliy yordam ko’rsatilishini ma’lum qilamiz !
telefon raqamlar: (71) 207-47-00, 207-48-00;
elektron manzil: info@antimon.gov.uz;
veyb sayt: www.antimon.gov.uz.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati