Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi “O’zbekiston temir yo’llari” AJning monopolist
hisoblangan “O’zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi tomonidan qiyoslovdan o’tkazish xizmat narxlari oshib ketganligidan va monopol yuqori narx qo’llanilayotganligidan norozi bo’lib qilgan murojaatini o’rganib chiqdi.
“O’zMMI” DK tomonidan ko’rsatiladigan xizmatlar narxi 2020 yil 21 fevralda tasdiqlangan “Geometrik va mexanik o’lchash vositalari bo’yicha xo’jalik shartnoma ishlari uchun narxlarning vaqtinchalik preyskuranti va ushbu sanada tasdiqlangan Geometrik va mexanik o’lchash vositalarini davlat qiyoslovidan o’tkazish xizmat narxi bo’yicha vaqtinchalik preyskurantiga asosan amalga oshirilib kelingan.
O’rganishga jalb qilingan mutaxassislar va “O’zMMI” DK xodimlari tomonidan temir yo’l shablonlarini turlari bo’yicha alohida-alohida guruhlarga ajratish, parametrlari bir-biriga yaqin bo’lgan temir yo’l shablonlarni bir guruhga ajratish va ushbu guruhlar bo’yicha alohida “Vaqtinchalik preyskurant” va vaqt me’yorlari ishlab chiqish belgilandi.
“O’zbekiston temir yo’llari” aktsiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxona va tashkilotlarga qo’shimcha ravishda qulaylik yaratish maqsadida “O’zMMI” DK tomonidan temir yo’l shablonlarini asosiy murakkab qismlarini tekshirishga kelishildi va buning natijasida shartnomalar asosida belgilangan narx va tariflar (narxnoma, kal`kulyatsiya) bo’yicha metrologik xizmat ko’rsatish vaqti me’yori pasayishiga erishildi.
“O’zMMI” DK tomonidan 2020 yil mart oyidan boshlab temir yo’l shablonlarini sinovdan o’tkazish xizmati narxi har bir donasi 318 263,9 so’mni tashkil etgan bo’lib, 2020 yil noyabr oyidan boshlab 198 914,9 so’m etib belgilandi, ya’ni 38 foizga tushirildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati