O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft`-gaz tarmog’ini moliyaviy sog’lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” 2019 yil 9 iyuldagi PQ–4388-son qaroriga muvofiq, respublikaning barcha turdagi iste’molchilari uchun tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish bo’yicha ishlar amalga
oshirib kelinmoqda.
Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida, Vazirlar Mahkamasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada tabiiy gaz yetkazib berish nazorati va hisobini yuritishda avtomatlashtirilgan tizimni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi va “Tabiiy gaz hisobi va nazoratini yuritishda avtomatlashtirilgan tizimni joriy etishning qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori loyihalari ishlab chiqilgan.
Mazkur qaror loyihalari jamoatchilik bilan kelishish uchun joylashtirilgan bo’lib, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bir qator takliflar berildi.
Ushbu takliflarning barchasi inobatga olinib, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi va unda “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi”ni amalga oshirish bo’yicha
shaffof tender (tanlov) savdolarini o’tkazgan holda loyihani amalga oshirish belgilandi.
Jumladan, qarorga muvofiq “Hududgazta’minot” AJga tanlov asosida:
mahalliy ishlab chiqaruvchilar orasidan, elektron gaz hisoblagichlar va ularga zarur bo’lgan qismlar (reduktorlar, himoya qutilari, elektron gaz hisoblagichlar ma’lumotlarini qayta ishlash va uzatish bo’yicha avtomatlashtirilgan dasturlar)ni yetkazib beruvchi tashkilotni;
tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi va billing dasturiy ta’minotini ishlab chiquvchi, ishga tushiruvchi, unga zarur bo’lgan asbob-uskunalar va ehtiyot qismlarini yetkazib beruvchi tashkilotni aniqlash vazifasi yuklandi.
Hozirda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi” bo’yicha uskunalarni xarid qilish texnik sharti ekspertizadan o’tkazilgan va ijobiy xulosa
olingan bo’lib, loyihaning texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilmoqda.
Bugungi kunda, “Hududgazta’minot” AJning rasmiy veb-sahifasi (http://hududgaz.uz/tenderlar) va https://exarid.uzex.uz/ru/tender2/lot/9067572# veb-sahifalarida “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi” uchun uskunalar va dasturiy ta’minot sotib olish bo’yicha tender savdolari o’tkazilishi to’g’risida e’lonlar joylashtirilgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati