Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan tadbirkorlarning tabiiy monopoliya sub’ektlari xizmatlari yuzasidan qilgan murojaatlari doimiy ravishda o’rganib borilmoqda.
Toshkent shahrida joylashgan “Golden Carp Servis” MCHJ Qo’mitaga murojaat etib, “Toshkent shahar Suv Ta’minoti” MCHJ tomonidan 2018 yil avgust oyidan 2019 yilning sentyabr` oyiga qadar oqava suvni chiqarish xizmatlaridan foydalanish bo’yicha qarzdorliklarni noto’g’ri hisoblanganligi, ushbu davrlar uchun hisob-kitoblarni qayta ko’rib chiqilishi va hal qilinishida amaliy yordam berishni so’ragan.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqava suvni chiqarish xizmatlari ko’rsatish qoidalarida suvni hisobga olish asbobi iste’molchining aybisiz nosoz bo’lgan taqdirda sarflangan suv miqdori oldingi uch hisob-kitob oyidagi o’rtacha sarf bo’yicha aniqlanib, hisob-kitobning bunday tartibi bir oydan ko’p qo’llanilishi mumkin emasligi, agar suvni hisobga olish asbobi ko’rsatilgan muddat mobaynida o’rnatilmasa, sarflangan suv miqdori II va III guruh iste’molchilari uchun ushbu Qoidalardagi 87-bandining “b” kichik bandi bo’yicha hisob-kitob qilinishi belgilangan (84-band).
Qo’mita tomonidan murojaat yuzasidan o’rganishlar o’tkazilib, unda “Toshkent shahar Suv Ta’minoti” MCHJ tomonidan yuqoridagi tartib talablariga zid ravishda “Golden Carp Servis” MCHJga 2018 yil avgust oyidan 2019 yilning sentyabr` oyiga qadar oqova suvni chiqarish xizmatlaridan foydalanish bo’yicha jami 5,7 mln so’m qarzdorliklarni noto’g’ri hisoblanganligi aniqlanib, Qo’mita maxsus komissiyasi tomonidan
“Toshkent shahar Suv Ta’minoti” MCHJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo’zg’atildi va tegishli ko’rsatma berildi.
“Toshkent shahar Suv Ta’minoti” MCHJ tomonidan mazkur masala yuzasidan Qo’mita maxsus komissiyasi ko’rsatmasi ijrosi ta’minlanib,
“Golden Carp Servis” MCHJ foydasiga 5,7 mln. so’m mablag’lar qayta hisob-kitob qilindi hamda tadbirkorning manfaati himoya qilindi.
Hurmatli, Iste’molchilar, shu kabi holatlarga duch kelsangiz Qo’mitaga murojaat etishingiz mumkinligini, murojaatlaringiz belgilangan tartibda ko’rib chiqilishi va amaliy yordam ko’rsatilishini ma’lum qilamiz!
telefon raqamlar: (71) 207-47-00, 207-48-00;
elektron manzil: info@antimon.gov.uz;
veb sayt: www.antimon.gov.uz.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi axborot xizmati