O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yo’l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko’ra, mamlakatimizda, 2020 yilning birinchi yarmida (yanvar`-iyun` oylari) jami 2388 ta yo’l-transport hodisalari (keyingi o’rinlarda YTH) sodir etilgan. Ushbu YTHlar oqibatida umumiy 1746 kishi tan jarohati olgan, yo’l-transport hodisalarining 383 tasi bolalar, 1154 tasi piyodalar va 101 tasi velosiped ishtirokida sodir etilgan.
Shu o’rinda, bir savol tug’ilmoqda: nima sababdan birdaniga yo’l-transport hodisalari haqida so’z ketmoqda? Boisi, ro’y bergan har qanday YTH to’g’ridan-to’g’ri sug’urta bilan bog’liq masalalarga taqaladi. Yanada aniqroq aytadigan bo’lsak, bu, kompaniya mijozlari oldida o’z majburiyatlariga bepisandlik qilgan holatlarda yaqqol namoyon bo’ladi.
Biz bugun hikoya qilmoqchi bo’lgan voqea ham bevosita YTH bilan bog’liq bo’lib, mazkur hodisa oqibatida jabr ko’rgan fuqaro va Sug’urta kompaniyasi o’rtasida kelib chiqqan muammolar to’g’risida.
Faoliyatimiz davomida Sug’urta kompaniyalar yuz bergan YTH oqibatida, jabrlangan shaxsga nisbatan yetkazilgan zararni aybdor tomonidan to’liq qoplanganligi to’g’risidagi hikoyasini asos qilib olib, jabrlangan shaxsning sog’ligi va mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplashdan bosh tortgan holatlari ko’plab kuzatilmoqda.
Xususan, Farg’ona viloyati, Yozyovon tumani Tegirmonboshi MFY Tinchlik ko’chasi, 7-uyda istiqomat qiluvchi Elbek Kamolov hududiy boshqarmaga ariza bilan murojaat qilib, 01.08.2019 yil kuni Yozyovon tumanidan o’tuvchi “Toshkent-O’sh A-373” avtomobil` yo’lida YTH sodir etganligi va oqibatda yo’lovchi fuqaro Bilol Muhammadjonov og’ir tan jarohati olganligini ma’lum qilgan.
Yuz bergan hodisa oqibatida jabrlangan Bilol Muhammadjonovni sog’lig’iga yetkazilgan zarar murojaatchi tomonidan to’liq qoplangan. Fuqaro Elbek Kamolov transport vositasini majburiy sug’urtadan o’tkazgan “O’zagrosug’urta” AJ Yozyovon tumani bo’limidagi jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun sug’urta qoplamasini olish bo’yicha murojaat qilganda, sug’urta kompaniyasi tomonidan jabrlanuvchi Bilol Muhammadjonovning sog’lig’iga yetkazilgan zarar sud qaroriga asosan (E.Kamolov) tomonidan qoplanganligi vaj qilinib, murojaat rad etilgan.
Bu borada, kompaniya harakatlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi Qarorining 54-bandiga (4-ilova) muvofiq buzilgan, ya’ni sug’urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxs) sug’urta hodisasi sodir bo’lganda zararni bartaraf qilish va (yoki) kamaytirish choralarini ko’rganligi yoxud jabrlanuvchiga kechiktirib bo’lmaydigan yordam ko’rsatganligi sug’urtalovchining ushbu Qoidalarga muvofiq o’zi uchun belgilangan majburiyatlarni bajarishni rad etishiga asos bo’lolmaydi.
“O’zagrosug’urta” AJ Farg’ona filialining 20.10.2020 yildagi “Sug’urta to’lovi bo’yicha komissiyasi” yig’ilishi qaroriga ko’ra, fuqaro Elbek Kamolovga 2 mln. 730 ming so’m mablag’ YTH sodir etilgan sanadan roppa-rosa 14 oy o’tib to’lab berishga qaror qabul qilinib, shu asosida ushbu mablag’lar “O’zagrosug’urta” AJ tomonidan Elbek Kamolovga nisbatan undirildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati