Buxorolik iste’molchi shirinlik sotib olayotgan vaqtda, ichida unga atalgan «syurpriz» borligini hayoliga ham keltirmagan edi. Pryanik ichidagi qog’oz katta yutuqning xabari bo’lganda ham maylin edi, ammo…
Joriy yil 13 yanvarda “Lazzat” shirinliklar savdo do’koni (“Anvorul-Shams” MCHJ) dan sotib olingan shirinlik (pryanik) iste’molga yaroqsizligi (ichida qog’oz chiqganligi) bo’yicha “Potrebitel` Buxara plyus” ijtimoiy tarmog’i orqali tarqalgan norozilik murojaati bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o’rganish o’tkazildi.
O’rganish jarayonida tadbirkorlik sub’ekti mas’ullaridan rasman murojaatda keltirilgan vajlar yuzasidan tushuntirish berish so’raldi.
“Anvorul-Shams” MCHJ direktori U. B. Komilov tomonidan joriy yilning 16 yanvar kuni boshqarmaga taqdim etilgan rasmiy xatida, korxona xodimlari murojaatda keltirib o’tilgan kamchiliklarga yo’l qo’ygani, tadbirkorlik sub’ekti
mas’ul xodimlari tomonidan murojaat muallifi bilan uchrashilib, yuzaga kelgan vaziyat uchun uzr so’ralgan va iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplanganini bildirdi. Shuningdek, “Anvorul-Shams” MCHJ tomonidan bundan keyin ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati qattiq nazorat qilinishi ma’lum qilindi.
Boshqarma tomonidan barcha tadbirkorlik sub’ektlariga, yuqorida ko’rsatib o’tilgan kamchiliklarga yo’l qo’ymaslik maqsadida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatiga jiddiy e’tibor qaratishi hamda savdo do’konlarida tadbirkorlik sub’ekti to’g’risidagi tegishli ma’lumotlarni iste’molchilar uchun qulay joyga joylashtirishlari so’raladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati