Qo’mita tomonidan doimiy va tizimli ravishda tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar davlat reestriga kiritilgan sub’ektlar tomonidan raqobat qonunchiligiga rioya etishi yuzasidan tahlil o’tkazib boriladi.
Alohida monopolist korxonalarning asosiy jixatlaridan biri bu, shartnomalarga kamsituvchi shartlarni kiritish orqali iste’molchilar va boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning haq-xuquqlarining cheklashi, shuningdek tovar va moliya bozoriga boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning kirishi uchun turli to’siqlar yaratishidir.
Yuqorida ko’rsatilgan harakatlar O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi Qonunining 10-moddasiga zid hisoblanib, ustun mavqeni suiste’mol qilish sifatida baholanadi.
Ushbu yo’nalishda Qo’mita tomonidan 2019 yil davomida respublika bo’yicha tovar va moliya bozorida ustun mavqeni egallagan, Davlat reestriga kiritilgan 132ta korxonaning 2000 tadan ziyod shartnomasi o’rganib
chiqildi.
O’rganish davomida yuqoridagi holatlar 24ta korxonalarning shartnomasida (Qoraqalpog’iston Respublikasi – 2, Andijon viloyati – 5, Farg’ona viloyati – 1, Qashqadaryo viloyati – 6, Namangan viloyati – 1, Sirdaryo viloyati – 2, Toshkent viloyati – 1, Xorazm viloyati – 5, Toshkent shahri – 1), asosan xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning tuzilgan shartnoma bo’yicha majburiyatlarni bajarish yoki bajarmaslik javobgarligi bilan bog’liq bo’lgan shartlarda kontragentlarning monopolistlarga nisbatan og’irroq moliyaviy va boshqa majburiyatlar qo’yilganligi aniqlandi.
Shunga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan monopolist korxonalarga raqobat to’g’risidagi qonunchilik talablarini buzilishi holatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish bo’yicha
talabnomalar yuborildi.
Natijada barcha sanab o’tilgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan raqobat to’g’risidagi qonunchiligi buzilishi holatlari bartaraf etildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati