O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi taklifiga ko’ra respublikaga import qilinadigan sementni erkin muomalaga chiqarish soddalashtirildi va muddatlari qisqartirildi.
Bugun Vazirlar Mahkamasining “Tsement importi tartibini soddalashtirish hamda ichki bozorni sifatli sement bilan ta’minlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi 450-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko’ra, sement mahsulotini import qilinganda uni 1-2 kun ichida erkin muomalaga chiqarish imkoniyati yaratildi.
Avval sement import qilinganda kamida 28 kunlik muddatdan keyin muomalaga chiqarilar edi. Mazkur qaror qabul qilinishi ichki bozorni sifatli sement mahsulotlari bilan to’yintirish va sementning amaldagi narxlarini arzonlashtirishga olib kelishi kutilmoqda.Hozirgi kunda respublikada jami 28 ta sement ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo’lib, shundan 16 tasi o’z mahsulotini birja savdolari orqali sotib kelmoqda.
Birja savdolariga qo’yilgan va sotilgan sementning hajmi o’tgan yilning mos davriga nisbatan 102 foizga, ishlab chiqarish va taqsimlash balansida belgilangan hajmga nisbatan 112 foizga ko’p qo’yilgan.
Rejadagi hajmlar savdolarga qo’yilishiga qaramay, may oyidan birjada sementning o’rtacha sotish narxlarida o’sish kuzatildi. Masalan, 1-6 iyun` kunlari 1 tonna sementning o’rtacha narxi 634 ming so’mni tashkil etgan bo’lsa, 6-12 iyul` kunlari esa 814 ming so’mga ko’tarilib ketti. Bunda o’rtacha boshlang’ich narx 462 ming so’m bo’lgan va o’sish surati 76 foizni tashkil qilgan.
Sementning bugungi kundagi birja kotirovkasi 1 tonna uchun o’rtacha 854 so’mni tashkil etmoqda, deyarli ikki baravar qimmatlashgan. Shu bilan birga, chetdan import qilingan sementning hajmi 2019 yilga nisbatan sezilarli kamaygan. Jumladan, 2019 yil yanvar`-iyun` oylari davomida 1 838,3 ming tonna mahsulot import qilingan bo’lsa, ushbu ko’rsatkich joriy yilning mos davriga kelib 813 ming tonnani qayd etgan (56 foizga kam).
Import jarayonidagi qiyinchiliklar, xususan mahsulotga sertifikat olish jarayonining cho’zilishi, yuk temir yo’llarda yoki omborlarda turib qolishi natijasida tannarx oshishi importga salbiy ta’sir etib kelmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati