Joriy yil davomida bozorda sementga bo’lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Jumladan Fevral oyidan boshlab sement narxi 619-625 so’m/kg gacha ko’tarildi.
Covid-19 pandemiyasi sababli yurtimizda e’lon qilingan karantinda mahsulot narxi 512-523 so’m/kg gacha arzonlashdi.
Karantin cheklovlari qisman olingandan so’ng esa, sement narxi yana ko’tarila boshladi, bunga sement importining pasayishi ham sabab bo’ldi.
Shubhasiz Covid-19 pandemiyasi ko’p sohalar kabi sement importiga ham o’z ta’sirini ko’rsatdi.
Buni joriy yilda mamalakatimizga xorijdan kirib kelayotgan sement hajmidan ham bilib olsa bo’ladi. Yil boshidan beri 813 ming tonna yoki o’rtacha bir oy davomida 135,5 ming tonna. Zero o’tgan yili huddi shu davr oralig’ida import ko’rsatgichi 1 838 ming tonna yoki bir oyda 306,3 ming tonnani tashkil etgan edi.
Sement narxini barqarorlashtirish hamda importini soddalashtirish maqsadida Qo’mita tomonidan o’rganishlar olib borildi. O’rganishlar davomida bir nechta mahsulot importi bilan shug’ullanuvchi yirik korxonalar bilan muzokaralar o’tkazildi, shuningdek import jarayonlari o’rganildi.
Shundan so’ng, Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritildi.
O’z navbatida Vazirlar Mahkamasi joriy yilning 2 iyul sanasida Qo’mitaga sement importini soddalashtirish bo’yicha tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqish bo’yicha topshiriq berdi, bu haqda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimizda xabar bergan edik. Ushbu xabardan so’ng bozorda sement narxining bir xaftalik narx pasayishi kuzatildi. 777 dan 752 so’m/kg gacha.
23 iyul sanasida Vazirlar Mahkamasi Qarorining chiqishi esa, narxlarni 875 dan 784 so’m/kg gacha tushishiga sabab bo’ldi.
Amalda mazkur Qaror sement importining haftasiga 70-92 ming tonnaga ortishiga, narxni esa 712 so’m/kg ga tushishiga sabab bo’ldi.
Jumladan, so’nggi 4 kun davomida sement narxi quyidagi ko’rinishda pasayishi kuzatildi: 24 avgustda – 733 so’m/kg, 25 avgustda – 722,7 so’m/kg, 26 avgustda – 705,9 so’m/kg; 27 avgustda – 684,2 so’m/kg.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati