Joriy yil 27-sentyabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N.Sharipov Sirdaryo viloyatida sayyor qabul oʻtkazgan edi. Ushbu sayyor qabulida bir nechta masalalar koʻtarilib, ijrosi nazoratga olingan edi.
Jumladan, Guliston shahar Bahor MFY da yashovchi M.Nizomova va boshqa fuqarolar tomonidan elektr energiyasi va ichimlik suvidan taʼminoti sifatidan noroziligi haqida shikoyat arizalari berilgan edi. Ushbu fuqarolarning arizalari Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi tomonidan nazoratga olinib, bugungi kunda Bahor MFY Yoshlar koʻchasida joylashgan maʼnan eskirgan yogʻoch stolblari temir beton stolblarga almashtirilib, elektr stolblarga qariyb 1 km masofada sim tortish ishlari boshlangan. Bundan tashqari, ushbu MFYga qoʻshimcha ravishda transformator podstansiyasi ham olib kelingan boʻlib, joriy yilning 30-oktyabr kuniga qadar toʻliq ishlarni yakunlash rejaga qoʻyilgan.
Ushbu ishlarni toʻliq va sifatli bajarish uchun viloyat xududiy elektr tarmoqlari korxonasidan yozma kafolat xati olinib, Monopoliyaga qarshi kurashish xududiy boshqarmasi tomonidan ijrosi nazoratga olingan.