Yaxshi niyatlar bilan yangi uy olasan-u, unda rohatlanib yashayman deysan, lekin mulkning hujjatlari to’g’ri bo’lmasa-chi? Eng achinarlisi bunday bo’lishida sening emas, balki pudratchining vaqtida amalga oshirmagan ishi sabab bo’lsachi?
Xullas, hammasini boshidan boshlaymiz! Qo’mitaning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasiga yuqoridagi muammo, ya’ni pudratchi tomonidan vaqtida taqdim etilmagan hujjatlari sabab, uy olgan fuqaro o’z turar joyini kadastr orqali rasmiylashtira olmayotganligini etib, yordam so’rab murojaat qoldirgan. Bu kabi holat esa, O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi Qonunining 19-moddasi 1-
xatboshisining buzilishiga olib keladi.
Hududiy boshqarma yuqoridagi vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Maxsus komissiya tuzadi va ishni o’rganishni boshladi. O’rganish ishlari boshlanganiga ko’p vaqt o’tmay, pudratchi, ya’ni “Qishloq qurilish invest” MCHJ IK Samarqand filiali mutasaddilari o’z qilgan ishlarini noto’g’ri ekanligini tushunib, murojaatchiga barcha hujjatlarni taqdim etadi. Bundan tashqari, ushbu uyning qurilishida aniqlangan kamchiliklarni ham bartaraf etib, jami 20 million so’mdan ko’proq summali qurilish montaj ishlarini bajarib berdi.
Qo’mitaning maxsus komissiyasi esa, ish qo’zg’atilgan kundan boshlab 20 kun muddat ichida muammo va kamchiliklar ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgani uchun, ishni ko’rib chiqishni tugatish haqida ajrim chiqardi.
P.S.: Agar pudratchi o’z vakolati doirasidagi ishlarni to’g’ri bajarib, iste’molchiga hujjatlarni vaqtida topshirganida, shuncha muammo kelib chiqmagan bo’larmidi!
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati