Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021 yilning III chorak davri davomida Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar davlat reyestriga kiritilgan korxonalar yoki shaxslar guruhi tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarni yetkazib berishda va xizmatlarni ko‘rsatishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri imzolangan shartnomalarning O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq rasmiylashtirilishi yuzasidan tanlanma ravishda 87 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt kesimida o‘rganishlar o‘tkazildi.
Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar davlat reyestriga kiritilgan korxonalarning 853 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri imzolagan shartnomalari o‘rganildi.
O‘rganishlar jarayonida 4 ta monopol korxona to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishda 19 ta holatda O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasi talablariga rioya qilmaganligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur o‘rganish natijalari yuzasidan Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar davlat reyestriga kiritilgan subyektlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Raqobat, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida Nizomning talablari asosida Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari tomonidan ish qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, Qo‘mita tomonidan joriy yilning IV choraki davomida ham mazkur yo‘nalishda o‘rganishlar davom ettiriladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Matbuot xizmati