2020 yil 30 oktyabr` kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo’mitasining Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasida videokonferentsaloqa tarzidagi sayyor majlisi bo’lib o’tdi.
Unda “Raqobat to’g’risida”gi Qonunning “O’zkimyosanoat”, “O’zbekneftegaz” aktsiyadorlik jamiyatlari va “O’zyog’moysanoat”, “O’zcharmsanoat” uyushmalari tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi.
Majlisda Senat a’zolari, Vazirlar Mahkamasi vakili, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda “O’zbekneftegaz” AJ tomonidan “Raboqat to’g’risida”gi Qonunning ijro etilishiga urg’u berildi.
Qayd etilganidek, “O’zbekneftegaz” aktsiyadorlik jamiyati neft`, neft` mahsulotlari va gazni (gaz kondensati) quvur orqali transportirovka qilish xizmatlari bo’yicha Tabiiy monopoliya sub’ektlarining davlat reestriga kiritilgan.
2020 yil 1 yanvar` holatida respublikada 277 ta neft` va gaz konlari mavjud bo’lib, suyuqlik turi bo’yicha ular 10 ta gaz koni, 137 ta kondensat, 52 ta neft` va gaz kondensati, 26 ta neft` va gaz hamda 52 ta neft` konlariga bo’linadi.
Majlisda “O’zbekneftegaz” AJning qazib chiqarishdagi ulushining yildan yilga qisqarib borishi hamda neft` va gaz mahsulotlari hajmlarining kamayib borishi iqtisodiyot tarmoqlari va aholini energoresurslar bilan bilan ta’minlash masalasida bir qator muammolarga sabab bo’layotgani ta’kidlandi. Jumladan, bugungi kunda respublikamiz aholisining 49 foizi tabiiy gaz va 51 foizi suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan. Bu boradagi ishlar holati
tahlil qilinganda ayrim hududlarda bir necha oylab tabiiy gaz, ba’zi hududlarda esa suyultirilgan gaz balonlari o’z vaqtida yetkazib berilmayotganligi aniqlangan.
Yana bir jihat. Iqtisodiyot tarmoqlarining mahsulot ishlab chiqarishda tabiiy gazga bo’lgan ehtiyoji yuqoriligi va bu ehtiyoj to’liq qondirilmayotganligi natijasida tabiiy gaz yetkazib beruvchilar tomonidan ustun mavqeini suiiste’mol qilish holatlari yuzaga kelmoqda. Xususan, “O’ztransgaz” AJ tomonidan 2018-2019 yillar davomida ulgurji iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berishda to’lovlarni hisoblash va tariflarning qo’llanilishida amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilmaganligi natijasida ulgurji iste’molchilar hisobidan jami200 mlrd. so’mdan ziyod miqdorda asossiz daromad olinganligi aniqlangan.
Shuningdek, majlisda neft` mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gazni realizatsiya qilishda taqdim etilgan eksklyuziv huquqlarni xatlovdan o’tkazib, ularni qisqartirish choralarini ko’rish, neft` va neft` mahsulotlarining birja savdolariga qo’yilishida narxlarning tasdiqlangan grafigiga rioya qilgan holda belgilanishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida mas’ul idoralarga ko’rsatmalar berildi.
Ko’rib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat qo’mitasining tegishli qarori qabul qilindi.