“Uzbekistan Airports” AJ tomonidan ish beruvchining fuqarolik javobgarligini, qutqaruv xodimlarining hayoti va sog’ligini, xavfli ob’ektlarni, mashina va mexanizmlarni hamda aeroportlar faoliyatiga bog’liq bo’lgan boshqa ob’ektlarni sug’urtalash bo’yicha tanlov savdolari o’tkazish jarayonida O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi Qonunining talablari buzilishi aniqlandi.
Xususan, kompaniya tomonidan joylashtirilgan e’londa davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan sug‘urta kompaniyalari ishtirok etishi mumkinligi to’g’risidagi talab kiritilgan edi, buning oqibatida yuqoridagi shartga mos kelmagan boshqa kompaniyalarning tanlovda ishtirok etish imkoniyati cheklanishiga olib kelgan.
O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish taqiqlanishi belgilangan.
Yuqoridagilarga muvofiq, Qo’mita tomonidan “Uzbekistan Airports” AJga qonunbuzilish holatini bartaraf etish bo’yicha ko‘rsatma berilgan.
“Uzbekistan Airports” AJ tomonidan tanlovda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan sug’urta kompaniyalarining ishtirok etishi mumkinligi to’g’risidagi raqobatga zid talabi bartaraf etilib, sug’urta kompaniyasini tanlash uchun qaytadan e‘lon berilgan. Natijada barcha sug’urta kompaniyalariga tanlov savdosida ishtirok etishida teng sharoit yaratib berilgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot-xizmati