Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi isteʼmolchilar tomonidan tabiiy monopoliya subyektlarining xatti-harakatlari yuzasidan qilgan murojaatlarini doimiy ravishda oʻrganib bormoqda. Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalariga kelib tushayotgan murojaatlar boʻyicha olib borilgan oʻrganishlarning koʻrsatishicha, koʻpchilik hollarda tabiiy monopoliya subyektlari amaldagi qonunchilik talablariga yetarlicha eʼtibor bermagan hollarda isteʼmolchilarga asossiz qarzdorliklar hisoblash holatlariga yoʻl qoʻyilmoqda.
Isteʼmolchilarga asossiz qarzdorlik hisoblash holatlarini yoʻl qoʻyilishi borasida fuqaro R.T.ning (ismi-sharifi qisqartirilgan) murojaatini misol qilib keltirishimiz mumkin.
Qoʻmita fuqaro R.T. tomonidan isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun 11.0 mln. soʻm qarzdorlik hisoblangan talabnoma toʻgʻrisidagi murojaati belgilangan tartibda tegishli tashkilotlar bilan birgalikda oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish natijasiga koʻra, fuqaro R.T.ning xonadoniga oʻrnatilgan gazni hisobga olish pribori 2013-yil 5-fevralda davlat qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilgan boʻlsada, “Hududgaztaʼminot” AJning Yunusobod tuman gaz taʼminoti uchastkasi xodimlari tomonidan 2013-yil 1-fevraldan 2014-yil 1-yanvargacha boʻlgan davr uchun isteʼmol oʻrta meʼyor boʻyicha notoʻgʻri hisob-kitob qilinganligi aniqlandi.
Natijada 2019-yil 26-sentyabrda tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, fuqaro R.T.ning tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha hisoblangan qarzdorligi bartaraf etilib, tabiiy gazdan 3,9 mln. soʻm oldindan toʻlovi mavjudligi aniqlandi, bu bilan isteʼmolchining manfaatlari himoya qilindi.
Murojaat uchun telefon: (71) 207-48-00.