Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi nohalol raqobatga chek qo’ydi! Jumladan, yaqindagina ish faoliyatini boshlagan “Drink King” alkogol` mahsulotlarini savdosi bilan shug’ullanuvchi do’kon, binoning tashqarisidagi fasadiga “Qarshimizdagidan ko’ra arzonroq” yozuvi tushirilgan banner o’rnatgan. Bu esa, haqiqatdan ushbu do’konning ro’parasida joylashgan yana bir alkogol` mahsulotlar savdosi bilan shug’ullanuvchi do’konning obro’sini tushishiga sabab bo’lgan.
Raqobat haqidagi qonunda esa, bu kabi noto’g’ri solishtiruvlar yoki ifodalashlar orqali boshqa bir xo’jalik yurituvchi sub’ektning obro’si, savdosiga zarar yetkazishiga yo’l qo’ymaydi.
Zero, ushbu holatni o’rganish jarayonida yuqorida keltirilgan vaziyatlar aniqlanganligi sababli, «AVANGARD TRADE GROUP» MCHJga o’rnatilgan tartibda «ALCOSTORE» MCHJning foydasiga mazkur bannerlarni olib tashlash ko’rsatmasi berildi.
Shu o’rinda iste’molchilar ham tadbirkorlik sub’ektlarini bir savol qiynaydi. Nohalol raqobat nima o’zi?
Sizga, shuni ma’lum qilamoqchimizki, bu faqat bitta mahsulotni adashtirish darajasidagi tovar belgisi, kompaniya nomi yoki boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ekt (raqobatchi) mahsulotlariga o’hshash holatlargina emas.
Amaliyotda nohalol raqobatning boshqa ko’rinishlari ham bor, masalan:
boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektga zarar keltirishi yoki uning ishchanlik obro’siga putur yetkazishi mumkin bo’lgan noto’g’ri taqqoslashlar. Bunda xo’jalik yurituvchi sub’ektning tovarini xolisona tasdiqqa ega bo’lgan tavsiflarni yoki taqqoslash parametrlarini ko’rsatmagan holda tovarning ustunligi haqida taassurot hosil qiluvchi so’zlardan yoki belgilardan foydalanish orqali boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektning (raqobatchining) o’zga tovari bilan taqqoslash yoxud ko’rsatilgan so’zlarni yoki belgilarni o’z ichiga olgan tasdiqlar yolg’on, noaniq bo’lgan yoki buzib ko’rsatilgan hollar noto’g’ri taqqoslashdir;
tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste’mol xossalari, narxi, sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste’molchilarni chalg’itish, xo’jalik yurituvchi sub’ekt (raqobatchi) tomonidan fuqarolik muomalasiga kiritiladigan tovarni uning tashqi bezatilishi va shaklini, nomini, tamg’alanishini, etiketkasini, o’rovini, ranglar uyg’unligini, tovar belgisini takrorlash, reklama materiallaridan yoki xo’jalik
yurituvchi sub’ektning (raqobatchining) tovarini individuallashtiruvchi boshqa elementlardan nusxa ko’chirish orqali qalbakilashtirish;
fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni, shu jumladan tijorat sirini egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish;
tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektning kirishiga to’siq qo’yish taqiqlanadi.
Shulardan kelib chiqgan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi nohalol raqobat bilan bog’liq har qanday murojaatlarni ko’rib chiqishga tayyor ekanligini bildiradi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati