Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan paxta yogʻi narxlari keskin oshishi munosabati bilan kompleks oʻrganish oʻtkazildi.
Paxta yogʻi narxining oshishiga ishlab chiqarish uchun asosiy xom-ashyo boʻlgan texnik chigitning birja savdolaridagi boshlangʻich narxlarining asossiz oshirib qoʻyilishi ham taʼsir etgan.
Jumladan, 2021-yil aprel oyi davomida 40 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan 1 tonna texnik chigit birja savdolariga 4-4,5 mln soʻmdan boshlangʻich narxlarda qoʻyilgan va birinchi chorakka nisbatan oʻrtacha 38 foizga oshirilgan.
Oʻz navbatida, boshlangʻich narxlar oshganligi sababli, ularning sotilish narxlari ham oshgan va oʻrtacha 4,5-5 mln soʻm atrofida shakllangan.
Qoʻmita tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar jarayonida birja savdolarida texnik chigitning boshlangʻich narxlarini kelishib, sunʼiy oshirish kabi holatlar mavjudligi hamda raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilganligi yuzasidan 34 ta paxta-toʻqimachilik klasteriga nisbatan ish qoʻzgʻatildi.
Natijada, ushbu paxta–toʻqimachilik klasterlariga birja savdolari orqali yuqori narxlarda sotilgan texnik chigit boʻyicha bitimlarni bekor qilish hamda 1 tonna texnik chigit mahsulotini narx sunʼiy oshirilgunga qadar real talab va taklif asosida shakllangan 2,5-3,2 mln soʻm boshlangʻich narxlarda birja savdolariga qoʻyish yuzasidan tegishli qaror va koʻrsatmalar berildi.
Natijada, joriy yil may oyining 10-12 kunlarida paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan boshlangʻich narxlar tushirilib, sotish narxlari oʻrtacha 3,4 mln soʻm atrofida shakllandi, bunda chigitning boshlangʻich narxi 39 foizga sotish narxi 31 foizga pasaydi.
Shuningdek, Qoʻmita tomonidan sunʼiy tanqislik yuzaga keltirilishini oldini olish maqsadida birja savdolarida bir xaridor olishi mumkin boʻlgan kunlik maksimal hajm 3 tonna miqdorida belgilandi.
Ushbu koʻrilayotgan choralar, ichki bozorda paxta yogʻi mahsuloti narxlarining barqarorlashishiga ijobiy taʼsiri mavjud.