AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Manzura Hasanova qoʻmita faoliyatiga oid masalalar yuzasidan maʼlumot berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 25 ming 711ta murojaat kelib tushdi. Shulardan 14 ming 177tasi qanoatlantirildi, 5 ming 849tasiga tegishli tushuntirishlar berildi, 28 rad etilgan, 39 tasi tegishli sabablarga koʻra koʻrilmasdan qoldirilgan, 524tasi Qoʻmita vakolatiga kirmaganligi bois qoʻrib chiqish uchun tegishli vazirlik va idoralarga yuborilgan. Va qolgan 1953tasi ayni paytda koʻrib chiqilmoqda.
Hal etilgan murojaatlardan biri Qoʻmitaning Samarqand hududiy boshqarmasiga yuborilgan. “Xitoy Beshbarmoq qurilish materiallar” MCHJ xorijiy korxonasining “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ Bulungʻur tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 2020-yil dekabr oyida oʻtkazilgan oʻrganishda elektr energiyasiga ulanish sxemalari notoʻgʻriligi aniqlanib, dalolatnoma asosida 1 mlrd 215 mln soʻmlik asossiz toʻlovlar hisoblanganligi va bu bilan korxona rozi emasligi haqida murojaati kelib tushgan.
Murojaatda keltirilgan holatlar Boshqarmamiz xodimlari va «Oʻzenergoinspeksiya» Samarqand viloyat boʻlimi bilan birgalikda oʻrganildi va natijada, “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ Bulungʻur tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan qayta hisob-kitob dalolatnomasi asosida xorijiy korxonaga hisoblangan 1 mlrd 215 mln soʻmlik toʻlov summasining 825 mln 498 ming soʻmi asossiz hisoblanganligi aniqlandi. Ushbu asossiz hisoblangan toʻlovlar “Xitoy Beshbarmoq qurilish materiallar” MCHJ xorijiy korxonasi foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Qoʻmitaning Sirdaryo hududiy boshqarmasi 2020 va 2021-yilning oʻtgan davrida oilaviy korxonalarga elektr energiyasi tariflarini toʻgʻri qoʻllanilishi yuzasidan oʻrganish oʻtkazdi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonunning 28 -moddasi birinchi xatboshisida oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning oʻzida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish uchun foydalanilganda, kommunal infratuzilma xizmatlari haqini toʻlash aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha va shartlar asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Biroq, “Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan 2020-yil va 2021-yil yanvardan aprel oyigacha viloyat hududida faoliyat koʻrsatayotgan oilaviy korxonalarga yetkazib berilgan elektr energiya uchun notoʻgʻri tarif qoʻllanilganligi natijasida jami 35 mln 145 ming 300 soʻm ortiqcha toʻlov hisoblanganligi aniqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Raqobat, tabiiy monopoliyalar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qoʻzgʻatish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq “Sirdaryo «Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga nisbatan oʻrnatilgan tartibda ish qoʻzgʻatib, tadbirkorlardan ortiqcha hisoblangan mablagʻlarni qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.
Men esa eslatib oʻtaman, hurmatli tadbirkorlar, agar siz shunga oʻxshash muammolarga duch kelsangiz, yoki Qoʻmita vakolati doirasida hal etiladigan boshqa muammolar boʻlsa 71 207 48 00 telefon raqami, antimon.gov.uz sayti, @AntimonUzbot telegramdagi bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.