Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2020-yil hamda 2021-yilning 6 oyi davomida oilaviy korxonalarga elektr va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi (kanalizatsiya) tariflarining toʻgʻri qoʻllanilishi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazildi.
“Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasida oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning oʻzida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) uchun foydalangan taqdirda, kommunal infratuzilma xizmatlari (elektr energiyasi, suv taʼminoti, kanalizatsiya, gaz taʼminoti va issiqlik taʼminoti) haqini toʻlash aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha va shartlar asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Ammo oʻrganish davomida yuqoridagi Qonun talablari buzilganligi, kommunal xizmat koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan bir qator oilaviy korxonalarga kommunal xizmatlar uchun tariflar qonun hujjatlarida belgilanganidan boshqacha tarzda notoʻgʻri qoʻllanilgani maʼlum boʻldi.
Xususan, belgilangan tariflarning notoʻgʻri qoʻllanilishi natijasida
2020-yil va 2021-yilning 6 oyi davomida respublika boʻyicha 1100 ga yaqin oilaviy korxonalardan 1 503,6 mln soʻm, shu jumladan tabiiy gaz boʻyicha 50 ta oilaviy korxonadan 272,9 mln soʻm, elektr energiyasi boʻyicha 915 ta oilaviy korxonadan 1 204,7 mln soʻm, suv taʼminoti boʻyicha 134 ta oilaviy korxonadan 26,5 mln soʻm asossiz daromad olinganlik holatlari aniqlanib, hozirda mazkur ortiqcha undirilgan pul mablagʻlarini oilaviy korxonalarga qaytarish choralari koʻrilmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati