Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo’mitasining Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasida o’tkazilgan majlisida ta’kidlanganidek, “Raqobat to’g’risida”gi Qonunning ushbu aktsiyadorlik jamiyati tizimidagi ijrosi holati o’rganilganda mamlakat kimyo sanoati korxonalarining aksariyatida davlat ulushining yuqoriligi, zamonaviy energotejamkor texnologiyalarning joriy qilinmaganligi kabi sabablar oqibatida sohada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko’rsatilayotgan xizmatlar narxlari ichki hamda tashqi bozorda ham xorij kompaniyalarning shu kabi tovar va xizmatlari bilan raqobatlasha olmayapti.
Ichki bozorda tovar va xizmatlar sifatini oshirish, moslashuvchan tarif siyosatini qo’llashdan aktsiyadorlik jamiyatining manfaatdor emasligi ham raqobat muhitining yo’qligi sabablaridan biri hisoblanadi.
Qonun talablarining yetarlicha ishlamasligi sohada davlat-xususiy sheriklik tamoyillarining qo’llanilmasligiga ham olib kelgan.
Raqamli mahsulotlarni qo’llash tarkibi sust darajada tashkil etilganligi ham raqobatning rivojlanishiga o’z salbiy ta’sirini ko’rsatmoqda.
So’nggi yillarda “O’zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarini kuz-qish mavsumida “O’ztransgaz” AJ va “Hududgazta’minot” AJ tomonidan tabiiy gaz bilan ta’minlashdagi muammolar, ya’ni tabiiy gaz talab etiladigan parametrlarda (12 kgs/sm 2 da) yetkazib berilmasligi tufayli ishlab chiqarishda to’xtalishlar yuzaga kelgan yoki to’liq quvvatda ishlash imkoni bo’lmagan.
Xususan, yuqoridagi sabab tufayli 2019 yilda 318,8 mlrd. so’mlik tovar mahsuloti, shu jumladan, 294,5 mlrd. so’mlik azotli o’g’itlar kam ishlab chiqarilgan va 24,4 mlrd. so’mlik ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lmagan xarajatlarga yo’l qo’yilgan. Bu, o’z navbatida, azotli o’g’itlar tannarxining keskin oshishiga sabab bo’lgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan “O’zkimyosanoat” AJ tarkibidagi korxonalarning mahsulotlariga narxlar shakllanishi va qo’llanilishi tahlil qilinganda ayrim korxonalar tomonidan mahsulotlariga yuqori monopol narx qo’llanilish holatlari kuzatilgan va kamchiliklar bartaraf etilgan.
“Maxsam-Chirchiq” AJ tomonidan ammiakli selitra mahsuloti ishlab chiqarilib, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga birja savdolari orqali sotilishi kerak. Biroq, ishlab chiqarilgan mahsulot to’g’ridan-to’g’ri shartnomalar asosida tarkib korxonasiga bozorda faoliyat yuritayotgan boshqa raqobatchilariga nisbatan arzon narxda sotilishi natijasida, “Raqobat to’g’risida”gi Qonun talablari buzilib, xo’jalik sub’ektlari uchun teng bo’lmagan sharoit yuzaga keltirilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 noyabridagi 3386-sonli qarori bilan tasdiqlangan ro’yxatga asosan mineral o’g’itlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotilishi belgilangan.