O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish
qo’mitasining 2019 yil
26 dekabrdagi
1754/04-19-sonli xatiga ilova
Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash bo’yicha
XULOSA
I. Umumiy ma’lumotlar
Xulosa Adliya vazirligida 2019 yil 19 aprelda 3155-son bilan ro’yxatga olingan Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash metodikasi asosida tayyorlandi.
- Loyihani taqdim etuvchi organ nomi:
O’zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi.
2. Loyihaning nomi va turi:
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada tabiiy gaz yetkazib berish nazorati va hisobini yuritishda avtomatlashtirilgan tizimni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori
3. Loyihani ishlab chiqish uchun asos:
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 iyuldagi 01-06/1-2349-sonli topshirig’i.
4. Loyihaning qisqacha mazmuni:
Qaror loyihasida Respublikada tabiiy gaz yetkazib berish nazorati va hisobini yuritishda avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish to’g’risida.
II. Tadbirkorlik sub’ektlarining asosiy guruhlari boshqa mas’ul shaxslar hamda taklif etilayotgan hujjatda davlat organlarining manfaatlariga doir masalalar tartibga solinadigan ma’lumotlar Hujjat bilan manfaatlari nazarda tutilayotgan guruh ishtirokchilarining tasnifi:
tadbirkorlik sub’ektlari guruhlari – “Pietro Fiorentini” (Italiya), “Softmaks Sistemi Telemetrii” (Belarussiya Respublikasi) kompaniyalari, “Texnopark” MCHJ;
davlat organlari guruhi – O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Energetika vaxirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va uning huzuridagi “Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi, “O’zstandart” agentligi, “Hududgazta’minot” AJ, “O’zsanoatqurilishbank” ATB, “O’ztransgaz”AJ va “O’zbektelekom” AJ;
boshqa ishtirokchilar guruhi munosabatlari – mavjud emas.
Yangi yoki amaldagi funktsiyalarga kiritilayotgan o’zgartirishlar, vakolatlar, majburiyatlar, imtiyozlar, preferentsiyalar, davlat organlari huquqlari va ularni amalga oshirish tartibi to’g’risida, shuningdek, kiritilayotgan cheklovlar bo’yicha hamda boshqa ma’lumotlar:
6.1. Qaror
loyihasining 1-bandida “Pietro Fiorentini” (Italiya), “Softmaks Sistemi Telemetrii” (Belarussiya Respublikasi) kompaniyalari, “Hududgazta’minot” AJ va “Texnopark” MCHJ bilan respublikada tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirish yuzasidan to’g’ridan-to’g’ri muzokaralar o’tkazilganligi ko’rsatilgan.
6.2. Qaror loyihasining 2-bandida loyihani amalga oshirish doirasida “Texnopark” MCHJ – elektron gaz hisoblagichlar, reduktorlar, himoya qutilarini va elektron gaz hisoblagichlar ma’lumotlarini qayta ishlash va uzatish bo’yicha avtomatlashtirilgan dasturini yetkazib beruvchi hamda “Softmaks Sistemi Telemetrii” kompaniyasi va uning sho»ba korxonalari – tabiiy gaz yetkazib berishning nazorati va hisobini avtomatlashtirilgan kompleks tizimi va billing dasturiy ta’minotini ishlab chiquvchi, unga zarur bo’lgan asbob-uskunalar va ehtiyot qismlarini yetkazib beruvchi etib belgilangan.
6.3. Qaror loyihasining 3-bandida “Hududgazta’minot” AJ 2020 yil 1 martga qadar “Softmaks Sistemi Telemetrii” kompaniyasi bilan birgalikda “Hududgazta’minot” AJ qoshida tabiiy gaz yetkazib berishning nazorati va
hisobini avtomatlashtirilgan kompleks tizimining ma’lumotlarini qayta ishlash markazining tashkil etilishi nazarda tutilgan.
6.4. Qaror loyihasining 4-bandida Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, “Hududgazta’minot” AJ va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan
birgalikda bir oy muddatda loyihani amalga oshirish uchun zarur bo’ladigan moliyalashtirish mablag’larini “Hududgazta’minot” AJning o’z mablag’lari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining, respublika jamg’armalari va tijorat banklari (xorijiy) va boshqa qonunchilikda ta’qiqlanmagan moliya mablag’larini jalb qilish hisobiga shakllantirilishi belgilangan.
6.5. Qaror loyihasining 5-bandida “O’zsanoatqurilishbank” ATB “Hududgazta’minot” AJ tomonidan elektron gaz hisoblagichlar, reduktorlar va himoya qutilarini sotib olish uchun zarur dastlabki kredit mablag’larini bir oy muddatda ajratilishini ta’minlash bo’yicha topshiriq berilgan.
6.6. Qaror loyihasining 6-bandida loyihaga jalb etiladigan moliya mablag’lari:
“Texnopark” MCHJ tomonidan ishlab chiqariladigan gaz hisoblagichlar, reduktorlar va himoya qutilarini “Hududgazta’minot” AJ tomonidan sotib olish va iste’molchilarga o’rnatish ishlarini moliyalashtirish uchun;
“Softmaks Sistemi Telemetrii” kompaniyasi va uning sho»ba korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan dasturiy ta’minot mahsulotlari va billing, ko’rsatiladigan xizmatlarni, unga zarur bo’lgan asbob-uskunalar va ehtiyot qismlarini yetkazib berishni moliyalashtirish uchun kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo’naltirilishi nazarda tutilgan.
6.7. Qaror loyihasining 7-bandida “Texnopark” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan elektron gaz hisoblagichlarni sotib olishda “Hududgazta’minot” AJga chet el valyutasida shartnoma tuzishga ruxsat berilmoqda.
6.8. Qaror loyihasining 8-bandida “Hududgazta’minot” AJ va “Texnopark” MCHJ 2023 yilning 1 yanvariga qadar ayrim soliq, bojxona va va mobil aloqa moduliga ega qurilmalar (IoT qurilmalar)ning xalqaro o’ziga xos identifikatsiya kodi (IMEI-kod)ni IMEI- kodlar ma’lumotlar bazasida ro’yxatga olish uchun to’lovlardan ozod qilinishi belgilangan.
6.9. Qaror loyihasining 9-bandida elektron gaz hisoblagichlarni davlat metrologik (qiyoslov) nazoratini o’tkazish har 10 yilda bir marta “Hududgazta’minot” AJ mablag’lari hisobidan “Uzstandart” agentligi tomonidan amalga oshirilishi ko’rsatilgan.
6.10. Qaror loyihasining 11-bandida “O’zbektelekom” AJ ikki oy muddatda O’zbekiston Respublikasi hududida tabiiy gaz yetkazib berish nazorati va hisobini yuritishda avtomatlashtirilgan tizimining ma’lumotlar bazasini shakllantirish va uni yuritish uchun lozim bo’ladigan server uskunalari bilan ta’minlanishi ko’rsatilgan.
III. Raqobatga ta’sirning tahlili Hujjatni qabul qilinishining oqibatlari prognozi
7.1. Qaror loyihasining 1-bandida keltirilgan ma’lumotlar, shuningdek2, 3, 5-bandning birinchi xatboshisi, 6, 8 va 11-bandlari O’zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to’g’risida”gi va “Raqobat to’g’risida”gi qonunlar talablari va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi PF-5780-son Farmonining 27-bandiga zid ravishda bayon etilganligi munosabati bilan, mazkur bandlarni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish maqsadida ularni chiqarib tashlash va qaror loyihasida ko’zda tutilgan imtiyoz va preferentsiyalarni inobatga olib, tender (tanlov) savdolari o’tkazgan holda amalga oshirilishi taklif qilinadi.
7.2. Mazkur qaror loyihasining 4-bandida bir qator manfaatdor vazirlik va idoralarga bir oy muddatda loyihani amalga oshirish uchun zarur bo’ladigan moliyalashtirish mablag’larini “Hududgazta’minot” AJning o’z mablag’lari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining, respublika jamg’armalari va tijorat banklari (shuningdek xorijiy) va boshqa qonunchilikda taqiqlanmagan moliya mablag’larini jalb qilish hisobiga shakllantirilishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Shu sababli, loyihaning moliyalashtirish mablag’lariga aniqlik kiritilgandan so’ng, qaror loyihasining 2-bandida nazarda tutilgan TIF Milliy banki kredit mablag’larini ajratilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi va ushbu bandni chiqarib tashlash taklif qilinadi.
7.3. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo’yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to’g’risida”gi PF-5177-son Farmonining 3-bandiga asosan O’zbekiston Respublikasi hududida tovar (ish va xizmat)lar uchun to’lovlarni chet el valyutasida amalga oshirish taqiqlanishi belgilangan.
Shu bois, qaror loyihasining 7-bandi to’rtinchi xatboshisini qayta ko’rib chiqqan holda amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish taklif qilinadi.
7.4. O’zbekiston Respublikasining “Metrologiya to’g’risida”gi Qonuni talablaridan kelib chiqqan holda, shuningdek metrologiya (qiyoslash) faoliyati bilan shug’ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo’llab-quvvatlash hamda shu sohada sog’lom raqobat muhitini yaratish maqsadida qaror loyihasining 9-bandi ikkinchi xatboshisidagi “O’zstandart” agentligi” so’zlaridan keyin “yoki belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o’tgan metrologiya xizmatlari ko’rsatuvchi tashkilotlar” so’zlari bilan to’ldirish taklif qilinadi.
IV. XULOSA
Yuqoridagilardan kelib chiqib, raqobatning cheklanishi oldini olish maqsadida, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada tabiiy gaz yetkazib berish nazorati va hisobini yuritishda avtomatlashtirilgan tizimni
joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori loyihasini yuqoridagi takliflar va e’tirozlarni inobatga olgan holda qabul qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi.