Qaror loyihasi 2-bandida O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xo’jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo’mitasi, Davlat soliq qo’mitasi, “O’zto’qimachiliksanoat” uyushmasi, Qashqadaryo va Jizzax viloyatilari hokimlarining “Indorama Agro” MCHJ XK va “Pahtakor Tex” MCHJ paxta to’qimachilik klasterlari to’g’ridan-to’g’ri tuzilgan shartnomalariga asosan ilovadagi ro’yxatga muvofiq olib kiriladigan qishloq xo’jaligi texnikalari va ehtiyot qismlarini:
2021 yil 31 dekabrga qadar bojxona bojidan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig’imlardan tashqari) ozod etish;
qo’shilgan qiymat solig’ini to’lashni 270 kun muddatga kechiktirish to’g’risidagi takliflariga rozilik berilishi ko’rsatilgan.
O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ayrim xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga shartnomalar tuzishda ustunlik berish, ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko’rsatayotgan boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan afzal holatga qo’yadigan imtiyozlar, preferentsiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berish taqiqlangan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 maydagi PQ-3756-sonli “Imtiyozlar va preferentsiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaroriga muvofiq soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferentsiyalar qonunlar va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun berilishi, shuningdek, aniq maqsadga ega bo’lishi hamda aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta’minlashi zarurligi, vaqtinchalik imtiyozlar
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan 3 yildan ortiq bo’lmagan muddatga berilishi ko’zda tutilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 sentyabrdagi PF-5185-sonli “O’zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar kontseptsiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi farmoniga ko’ra xususiy sektor samarali faoliyat ko’rsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishga cheklov choralarini belgilash va amaldagi korxonalarni qayta tashkil etish, shuningdek, sog’lom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar hamda preferentsiyalar berish amaliyotidan voz kechish ko’zda tutilgan.
Qo’mita tomonidan mazkur qaror loyihasini Adliya vazirligida 2019 yil 19 aprelda 3155-son bilan ro’yxatga olingan Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash metodikasi asosida o’rganib chiqib, O’zbekiston Respublikasining “Raqobat to’g’risida”gi qonuni talablariga zid bo’lgan normalar kiritilganligi yuzasidan “O’zto’qimachiliksanoat” uyushmasiga e’tirozlar yuborildi va qarorni qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas deb topildi.
XULOSA: regulation.gov.uz – ID 20130
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati