O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasiga 2019 yil 25 noyabr` kuni “SHIRIN SHAKAR BIZNES” xususiy korxonasining 108-sonli murojaati kelib tushdi.
“SHIRIN SHAKAR BIZNES” xususiy korxonasi O’zbekiston Respublikasi Intellektual mulk Agentligi tomonidan 2015 yil 18 noyabrda berilgan 28618 sonli guvohnomasiga asosan “MEXXI” tovar belgisiga qonuniy egalik qilishi va shu belgi ostida shirinliklar ishlab chiqarishini ma’lum qilgan.
Biroq “MERCURE TRADE GROUP” MCHJ tomonidan ushbu tovar belgisiga nomi, shakli hamda qadoqdagi ranglar uyg’unligi adashtirib yuborish darajasida o’xshash bo’lgan “MESSI” belgisi ostida shirinliklar ishlab chiqarayotganliklarini aniqlagan va holat yuzasidan chora ko’rishni so’rab murojaat qilgan.
O’rganish davrida tovar belgilarini o’xshashlik darajasini aniqlash maqsadida Intellektual mulk Agentligining bosh eksperti D. Zufarova tomonidan berilgan hulosaga ko’ra:
– “MESSI” nomli qandolat mahsulotining ko’rinishi “MEXXI” nomli qandolat mahsulotining umumiy ko’rinishi bilan o’xshashligi tufayli iste’molchini chalg’itishga olib keladi.
Yuqorida qayd etilganlarni hisobga olgan holda, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi №225-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo’zg’atish va ularni ko’rib chiqish tartibi to’g’risida nizom”ning 11-bandiga muvofiq, “MERCURE TRADE GROUP” MCHJ tomonidan O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi Qonunning 13-moddasi, birinchi qismini uchinchi xatboshilari buzilishi bo’yicha ish qo’zg’atildi va ushbu to’g’risida tomonlar xabardor qilindi.
Qo’zg’atilgan ish bo’yicha hujjatlarni ko’rib chiqilib, ishtirokchilarining dalillari va tushuntirishlarini o’rgangan holda, Maxsus komissiya raqobat to’g’risidagi qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda, “MERCURE TRADE GROUP” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotni etiketkasida foydalanilgan “MESSI” belgisi (rangi, xarflarni joylashishi, ularni shakli) “SHIRIN SHAKAR BIZNES” xususiy korxonasining “MEXXI” tovar belgisiga adashtirib yuborish darajasida u bilan o’xshash bo’lgan tovar belgisidan foylanganini aniqladi, bu esa nohalol raqobat holati deb talqin qilinadi.
O’rganish natijalariga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi №225-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo’zg’atish va ularni ko’rib chiqish tartibi to’g’risida”gi Nizomning 22-bandiga muvofiq, “MERCURE TRADE GROUP” MCHJ “Raqobat to’g’risida”gi qonunning 13-
moddasi talablari buzilishini to’xtatish va kelgusida bunday holatlarga yo’l qo’ymaslik to’g’risida ko’rsatma berildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati