Hududiy boshqarmaga “EASY-CONTRACT” MCHJning Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 2020 yil 11 dekabrdagi tibbiyot (asbob-uskunalari) jixozlar xarid qilish bo’yicha tanlov savdolari O’zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to’g’risida”gi qonun talablariga zid ravishda o’tkazilganligi to’g’risidagi murojaati kelib tushgan.
Murojaatda keltirilgan holatlarni o’rganish natijalariga ko’ra, Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan boshlang’ich qiymati 1224000,0 ming so’mlik tibbiyot (asbob-uskunalari) jixozlar xarid qilish bo’yicha savdolar o’tkazilishi to’g’risida 2020 yil 1 dekabrda dxarid.uzex.uz Tovar xom ashyo birjasining davlat xaridlari bo’yicha elektron savdosiga e’lon joylashtirilganligi, biroq “EASY-CONTRACT” MCHJning tijorat takliflari Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 2020 yil 9 dekabrda qabul qilib olingan bo’lsada, 2020 yil 11 dekabrda o’tkazilgan tanlov savdolarida xarid komissiyasi tomonidan mazkur tadbirkorlik sub’ektining tijorat takliflari ko’rib chiqilmaganligi va bayonnomada aks ettirilmaganligi natijasida “EASY-CONTRACT” MCHJ tanlov savdosidan asossiz ravishda chetlashtirilganligi aniqlandi.
Mazkur holat hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan ko’rib chiqilib, Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi xarid komissiyasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi qonunining 14-moddasi talablari buzilishiga yo’l qo’yilgan deb topilib, xarid komissiyasiga O’zbekiston Respublikasi “Raqobat to’g’risida”gi qonunining 14-moddasi talablari buzilishini to’xtatish va o’tkazilgan tanlov savdolari bo’yicha xarid komissiyaning 2020 yil 11 dekabrdagi qarori (bayonnomasi)ni va savdo natijalari bo’yicha tuzilgan shartnomani haqiqiy emas deb topish to’g’risida ko’rsatma berildi.
Ko’rsatma talablari asosida xarid komissiyaning 2020 yil 11 dekabrdagi qarori (bayonnomasi)ni va savdo natijalari bo’yicha g’olib deb topilgan talabgor bilan tuzilgan shartnomasi bekor qilinib, 1 mlrd 113 mln 922 ming so’mlik mablag’ byudjetga qaytarildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Matbuot xizmati