Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Nohalol raqobatga chek qoʻyish boshqarmasi tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha maxsus reportaj
Tadbirkor oʻz mahsulotini bozorda tanilishi, oʻz koʻrinishiga ega boʻlishi uchun nima qiladi? Albatta, mahsulot brendiga ham intellektual, ham moddiy resurslarni ajratadi. Baʼzan mahsulotni isteʼmolchilar oʻrtasida ommalashishi uchun yillar oʻtishi kerak boʻladi. Ana shunday koʻp yillik mehnatdan soʻng, kompaniya mahsulotiga talab oʻsib, tovarning sifatiga ishonch ortadi, rahbarning nomi hurmatga sazovor boʻladi. Lekin, oramizda shunday tadbirkorlar borki, hurmatga erishish oʻrniga, tezroq pul topish ilinjida boʻlishadi.
Shu kabi tadbirkorlar ustidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Nohalol raqobatga chek qoʻyish boshqarmasiga koʻplab murojaatlar kelib tushadi. Aytgancha, oʻzimiz ham har kuni boʻlmasada baʼzida savdo peshtaxtalarida mahsulot harid qilayotganimizda xuddi shunday xolatlarga duch kelamiz.
Xorazm viloyati Xonqa tumanida joylashgan “XONQA BILLUR SALT” Oʻzbek-Turk qoʻshma korxonasi mana 20 yildan oshibtiki republikamiz va qoʻshni mamlakatlarga yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Nohalol raqobat tarafdorlari tomonidan mahsulotlarni qalbakilashtirishga urinishlari esa, kompaniyaning nufuzi va sifatiga zarar keltirmoqda.
DILSHOD OTAJONOV – “XONQA BILLUR SALT” QK rahbari
- Biz faoliyatimizni boshlaganimizga 23 yildan oshdi. Bugungi kunga kelib nafaqat ichki bozor balki Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Afgʻoniston mamlakatlariga eksport qilamiz. Bizning “Saodat” tovar belgisi ostida ishlab chiqariladigan osh tuzi isteʼmolchilar oʻrtasida oʻz nomiga ega. Mazkur brendning nomi va qadogʻi Intellektual mulk agentligidan roʻyhatdan oʻtgan. Kechagina oʻz faoliyatini boshlagan tadbirkorlar tomonidan mahsulotimizga oʻhshash qilib qalbakilashtirishlari bizga ogʻir botadi. Keyin qalbaki mahsulotni adashib sotib olgan isteʼmolchilar bizga qoʻngʻiroq qilib, tovarning sifati pastligidan shikoyat qilishadi. Aynan shu kabi murojaatlar sabab Xorazm, Buxoro va Qoraqalpogʻiston Respublikalari bozorlaridan qalbaki mahsulotlarni oʻzimiz aniqladik.
Ishlab chiqaruvchining gaplariga koʻra, uning oʻzi bir necha bora ana shunday “tadbirkorlar”ni insofga chaqirishga harakat qilgan, lekin, natija qoniqarsiz boʻlgan.
DILSHOD OTAJONOV – “XONQA BILLUR SALT” QK rahbari
- Biz shu kabi tadbirkorlarga murojaat etib, halol raqobat qilishga chaqirganimizda ular tomonidan boʻldi oʻzimiz boshqacha qilib ishlab chiqaramiz yeyishadiyu, lekin, biz ketganimizdan soʻng hech narsa boʻlmaganday oʻz ishlarini davom ettiraverishadi. Toʻgʻrisi boshida qayerga murojaat etishni bilmagan edik, keyin, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining hududiy boshqarmasiga ariza yuilan chiqgan edik, ular tomonidan bizning muammo koʻrib chiqildi.
Bu kabi murojaatlar Qoʻmitaning Nohalol raqobatga chek qoʻyish boshqarmasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Oʻrnatilgan tartibda mazkur muammo oʻrganib chiqilganda quyidagilar aniqlandi. “SHOVAT WHITE SALT” xususiy tadbirkorlik subyekti tomonidan “Sadaf” nomli osh tuzi ishlab chiqarilgan. ushbu mahsulot murojaatchining brendi va qadogʻiga juda oʻxshash boʻlgan. Muhimi, mahsulotni adashtirib xarid qilgan isteʼmolchilar, oʻzlarining bor eʼtirozlarini “Saodat” osh tuzi ishlab chiqaruvchilariga yoʻllagan. Mahsulotlardan namuna olgan Qoʻmita xodimlari tekshirish oʻtkazishni soʻrab Intellektual mulk agentligiga murojaat etishadi. Unga koʻra, xususiy tadbirkor “SHOVAT WHITE SALT” tomonidan ishlab chiqariladigan “Sadaf” osh tuzi, “XONQA BILLUR SALT” qoʻshma korxonasi mahsuloti hisoblangan “Saodat” osh tuziga juda oʻxshashligi va isteʼmolchilar adashtirishi mumkinligi tasdiqlandi.
PIRNAZAR NURULLAYEV – Qoʻmita hududiy boshqarma boʻlimi boshligʻi
- Oʻzbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi qonuni 26-moddasining 3-bandiga yaʼni, “Tovar belgisini yoki shu belgi bilan belgilangan tovarni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qoʻllash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, oʻzgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada aynan oʻxshash boʻlgan bir xildagi tovarlarni belgilash tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish deb eʼtirof etilishi boʻyicha aybdor deb topilib, “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning 13-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktyabrdagi Nizomiga muvofiq Hududiy boshqarma tomonidan “SHOVAT WHITE SALT”ga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, yoʻl qoʻyilgan qonunbuzulish alomatlarini bartaraf etish koʻrsatmasi berildi.
Oʻtgan yil davomida Qoʻmitaga tadbirkorlik subyektlaridan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 13-moddasini buzgan yuridik shaxslarga nisbatan 242 ta murojaatlar kelib tushgan. Karantin cheklovlari boʻlishiga qaramay bu koʻrsatgich 2019-yilga qaraganda 24 foiz koʻproq murojaatlar degani. 242 ta murojaatdan 78 holatda ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa, 18 ta murojaatga rad javobi berilgan, qolgan 109 ta murojaatga tushuntirish ishlari olib borilgan.
ZUMRAT RAZIKBAYEVA – Qoʻmita bosh mutaxassisi
- Tabiiy savol tugʻilishi mumkin: Nega murojaatlar soni koʻp, lekin ish qoʻzgʻatish holati 3-martta kam deb. Hamma vaziyatlarda ham qonunbuzilish alomatlari oʻz tasdigʻini topmaydi. Oʻrganish jarayonida koʻplab soʻrovlar joʻnatishga toʻgʻri keladi, hamma ham bu soʻrovlarga toʻliq javob bermaydi. Yoki oʻrganishlar davomida qonunbuzulish alomatlari aniqlanmaydi va biz ish qoʻzgʻatmaymiz. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Qoʻmita maxsus komissiyasi oʻrganishlar oʻtkazib oʻrnatilgan tartibda bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma beradi. Ushbu koʻrsatmalarni bajarmagan tomonlarga nisbatan maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun, vakolatli organ, yaʼni sudga yuboriladi.
Agar murojaatlarni turlarga ajratib chiqadigan boʻlsak, koʻp hollarda shirinlik mahsulotlarning brendlarini qalbakilashtirish hollari uchraydi. Bunday hollarda isteʼmolchilar katta bozorlarda shirinlik mahsulotlarini olayotganlarida sinchikovlikni yoʻqotmasliklari kerak boʻladi. Zero, nohalol raqobatchilar shokoad mahsulotlarini jahon brendlariga oʻxshatishga harakat qilishadi. Ikkinchi oʻrinda esa, farm sanoati turadi. Bu yoʻnalishda sohtalashtirish ustalari shu darajada koʻpki, intellektual mulk egalari baʼzan ularni kuzatishgada ulgurmay qolishadi.
ZUMRAT RAZIKBAYEVA – Qoʻmita bosh mutaxassisi
- Farmatsevtika sohasida doimiy qonun buzuvchi tadbirkorlarimiz mavjud. Ular koʻpincha Fransiyaning “Sanofi” va Ukrainaning “Yuriya farm” kompaniyalarining mahsulotlarini sohtalashtirishga harakat qilishadi. Misol uchun Namangandagi “Merimed” tashkilotini olsak, uning ishlab chiqaradigan barcha dori vositalari chet tilida yoziladi va biron-bir brendning nomi olinib oldiga yoki ortiga MR harflari qoʻyilib savdoga chiqariladi.
Achinarlisi plagiat tufayli xarid qilingna dori vositalaridan yoshi kattalar va bolalar zarar koʻrishmoqda. 25-40 yoshdagilar xarid qilinuvchi mahsulotlarni tekshirib olishsada, lekin, ularda ham baʼzan adashib ketish holatlari uchraydi.
NILUFAR RASULOVA – isteʼmolchi
Yana bir bor taʼkidlaymiz. Nohalol raqobatga doir ishlarni koʻrib chiqishga asos boʻladigan hujjatning nomi “Raqobat toʻgʻrisi”gi qonun hisoblanadi. Jumladan uning 13-moddasi. Unga koʻra quyidagilar mumkiin emas: boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektga zarar keltirishi yoki uning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan notoʻgʻri taqqoslashlar, shu jumladan tovarni xoʻjalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) tovar belgisiga, firma nomiga oʻxshash boʻlgan yoxud adashtirib yuborish darajasida u bilan oʻxshash boʻlgan belgidan uni tovarlarda, etiketkalarda, oʻrovlarda joylashtirish yoʻli bilan yoki sotilayotgan yoxud fuqarolik muomalasiga oʻzgacha tarzda kiritilayotgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqacha tarzda foydalanish yoʻli bilan, shuningdek ushbu belgidan domen nomida foydalanish orqali qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda realizatsiya qilish;
Shu oʻrinda yana bir esalatma, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi nohalol raqobat boʻyicha murojaatni koʻrib chiqish uchun, ikkala ishtirokchi ham bir tovar bozorida faoliyat yuritishi kerak boʻladi. agar, tovar bozorlari har-xil boʻlsa, unda murojaatni toʻgʻridan-toʻgʻri sudga qilish kerak.
ZUMRAT RAZIKBAYEVA – Qoʻmita bosh mutaxassisi
- Misol uchun bizda “Al Safi” va “Safi” tovar belgilarining ishi koʻrib chiqildi. Biri tovuq goʻshti ishlab chiqaradi, ikkinchisi suyultirilgan pishloq. Toʻgʻri, bu holatda nomlardagi “Safi” soʻzi oʻxshash, lekin, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tovar bozorlari har-xil boʻlgani uchun bizning vakolatimizga kirmaydi. Ushbu murojaatga nisbatan ish qoʻzgʻatishga rad javobini berganimizada, arizachi sudga murojaat etdi. Natijada tuman va shahar sud jarayonlarini yutqazdik, lekin, Oliy sudda bizning qarorimiz toʻgʻri ekanligi isbotlandi.
Oʻzbeklarning bir hikmati bor: Halol topilgan pulga sotib olingan non yana-da mazali boʻladi. Qiziq, birovning brendini sohtalashtirib, oʻxshatishga harakat qilayotgan tadbirkor yoki sotuvchi shu haqda oʻylarmikin? Hamma holatlarda ham qonun buzuvchi notoʻgʻri ish qilmaganini birinchi galdayoq tan olmaydi. Halol va oʻz oldiga katta maqsadlarni qoʻygan tadbirkorgina oʻz brendini yoʻlga qoʻyish haqida oʻylaydi. Shundagina, unga kiritilgan sarmoyalar egasiga bir yoki ikki yil emas, balki, bir necha oʻn yillar davomida foyda keltiradi.
Hurmatli tadbirkorlar! Agar sizning intellektual mulkingiz nohalol raqobatchilar tomonidan noqonuniy foydalanilayotgan boʻlsa, ekraningizdagi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi manzillari boʻyicha murojaat etishingiz mumkin.
#halol_raqobat_qiling
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati