Tabiiy monopoliya subyektlarini tartibga solish yoʻnalishida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga kelib tushgan murojaatlar yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalari boʻyicha maʼlumot berib oʻtaman.
2021-yilning 1-yarim yilligida jami 376 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari koʻrib chiqilib, jami 7 mlrd. 600 mln soʻm mablagʻlar qayta hisob-kitob qilingan.
Misol uchun, Qoʻmita tomonidan “Bilol Zamin Malhami” MCHJning murojaati oʻrganib chiqildi.
Murojaatda bayon qilingan holatlar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJdan soʻrov asosida maʼlumotlar olinib, tahlili qilindi va aniqlangan qonun buzilish holatlari Qoʻmitaning maxsus komissiyasida 2021-yil 15-iyun kuni koʻrib chiqildi.
Koʻrib chiqish natijasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Qonuning 16- modda uchinchi va toʻrtinchi xatboshisi talablari buzilganligi aniqlanib, mazkur qonun buzilish holatlarini toʻxtatish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik, qonun buzilish natijasida hisoblangan 72 193 074 soʻmlik asossiz xizmat haqini hisobdan chiqarish boʻyicha qaror va koʻrsatma berildi hamda asossiz hisoblangan daromad»Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ tomonidan qayta hisob-kitob qilib berilgan.
Tabiiy monopoliyalarni tartibga solish boshqarmasi tomonidan yana bir oʻrganish natijalari bilan tanishtirib oʻtaman. 2020-yil hamda 2021-yilning 6 oyi davomida oilaviy korxonalarga elektr va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi tariflarining toʻgʻri qoʻllanilishi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazilganda, belgilangan tariflarning notoʻgʻri qoʻllanilishi natijasida hisobot davri davomida respublika boʻyicha 1100 ga yaqin oilaviy korxonalardan 1 milliard 503 million soʻm asossiz daromad olinganlik holatlari aniqlangan. Shu jumladan tabiiy gaz boʻyicha 50 ta oilaviy korxonadan 272 million 900 ming soʻm, elektr energiyasi boʻyicha 915 ta oilaviy korxonadan 1 milliard 204 million soʻm, suv taʼminoti boʻyicha 134 ta oilaviy korxonadan 26,5 mln soʻm.
Misol uchun, Toshkent viloyati Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi tomonidan “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ taqdim etgan maʼlumotlar tahlil qilinganda, 40 ta oilaviy korxonalardan Oʻzbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonunining 28-moddasi talablariga rioya etilmaganligi natijasida, Jamiyat tomonidan 2020-yil 2021-yil 4 oyi davomida jami 106 904 585 soʻm ortiqcha haq olinganligi aniqlandi. Shundan soʻng, hududiy boshqarma tomonidan “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi”AJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, koʻrib chiqildi. Ishni koʻrib chiqish natijalariga koʻra, 60 ta oilaviy korxonalarning asoslovchi hujjatlarini oʻrganib chiqilib, shulardan 29 ta oilaviy korxonaga 99 643 967 soʻm qayta hisob-kitob qilib berildi. Bundan tashqari, “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan mavjud oilaviy korxonalarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi narxlari yuqorida keltirilgan qonun talablaridan kelib chiqqan holda oʻrganilgan va 41 ta isteʼmolchilardan ortiqcha olingan jami 172 863 727 soʻm pul mablagʻlari isteʼmolchilarga qaytarilgan va shartnomalarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilgan.
Hurmatli tadbirkorlar! Agar siz ham shu kabi muammolarga duch kelayotgan boʻlsangiz Qoʻmitamizga murojaat etishingizni eslatib oʻtamiz!
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati